“Tuproq doktorlari” dasturi ishga tushirildi
Tuproq erroziyasi va sho‘rlanishi Markaziy Osiyoda barqaror qishloq xo‘jaligi uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda. O‘zbekiston ushbu muammoga qarshi kurashish bo‘yicha qator tadbirlar amalga oshirib kelmoqda. Jumladan, Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti – FAOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi tomonidan Global tuproq hamkorligi (GSP) bilan birga Global tuproq doktorlari dasturi ishga tushirildi.
“Fermerdan – fermerga” amaliyoti tashabbusi doirasida ilgari surilgan ushbu dastur fermerlarning tuproqni barqaror boshqarish salohiyatini oshirish, hukumat va manfaatdor tashkilotlarni qishloqlardagi hamjamiyatni rivojlantirishda qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
“Global tuproq doktorlari” dasturi yurtimizdagi yirik mintaqaviy loyiha hisoblangan “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg‘oqchil, sho‘rlangan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish landshaftida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” (CACILM-2) loyihasi tarkibiga kiradi.

Mazkur dastur loyiha milliy promouteri – Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti va “Tuproq tarkibi va repozitoriysi, sifati tahlil markazi” davlat unitar korxonasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan.
Shuningdek, hamkorlar safida Toshkent davlat agrar universiteti va Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti ham bor. Hujjat orqali qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligi va mehnat unumdorligini oshirish, turmush darajasini yaxshilash va atrof-muhitni muhofaza qilish imkoni paydo bo‘ladi.

Dastur Buxoro viloyatida o‘tkazilgan “Tuproq doktorlari” trenerlarini tayyorlash bo‘yicha 4 kunlik o‘quv kursi bilan boshlandi. Tegishli tashkilotlar mutaxassislari, fermerlar tuproqni barqaror boshqarish salohiyatini oshirish maqsadida trening kursidan o‘tmoqda. Bunda asosiy e’tibor sho‘rlanish va tuproq unumdorligini oshirish muammosini hal etishga qaratilgan.
Keng qamrovli o‘quv dasturi tuproq tarkibidagi organik moddalarni ko‘paytirish, ozuqa moddalarini boshqarishni muvofiqlashtirish, sho‘rlanishga moyil tuproqning agronomik xususiyatini yaxshilashni ko‘zda tutgan.
– Tuproqshunoslik sohasi mutaxassislari bilim darajasini, fermerlarning tuproqni boshqarishdagi muhofaza qiluvchi rolini oshirish lozim, – dedi CACILM-2 loyihasi milliy boshqaruvchisi Muhammadjon Qosimov. – Fermerlar kichik yerida qabul qilgan qarori atrof-muhitga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini tushunish, tuproqqa asrashimiz zarur bo‘lgan qimmatli resurs sifatida qarash lozim.

FAO Global tuproq hamkorligi mutaxassisi Mariya Ferro Vaskes qishloq xo‘jaligi barqarorligiga erishishda fermerlarning roli muhim ekaniga e’tibor qaratdi.
“Tuproq doktorlari” Global dasturi faoliyati shu bilan yakunlanmaydi, bu faqat boshlanishi. Dastur FAO va GSP yordamida mamlakatning boshqa hududlariga ham tatbiq etiladi. Masalan, dastlab Buxoro, Qashqadaryo, Xorazm viloyatlarida yuzlab yetakchi fermerlar tayyorlanadi, ular o‘z navbatida olgan bilimini respublikamiz bo‘ylab boshqa fermerlarga ulashadi.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA