Tumandagi islohotlar jurnalistlar nigohida
Qashqadaryolik bir guruh jurnalist va blogerlar Dehqonobod tumanida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Ishtirokchilar dastlab tumanda yaqinda faoliyat boshlagan «Real kelajak» nomli 168 o‘rinli nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasida bolajonlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Zamon talablariga mos ravishda faoliyat yuritayotgan mazkur bog‘chada bolajonlarga ingliz va rus tillari ham o‘rgatib borilmoqda. Tumandagi tashabbuskor tadbirkor Vahob Norsafarov amalga oshirgan ushbu loyiha birinchisi emas. Tadbirkor tomonidan tumanda 50 o‘rinli mehmona va 367 gektar lalmi yerda pista plantatsiyasi ham tashkil etilgan.
Press-tur ishtirokchilari ushbu loyihalar bilan ham yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
[gallery-5704]
– Mehmonxona biznesi serdaromad soha hisoblanadi, – deydi V.Norsafarov. – Boisi, tumanimizga ko‘plab investorlar keladi, ayni kunda 50 o‘rinli mehmonxonamizning atigi 2 ta xonasi bo‘sh. Qolgani mehmonlar bilan to‘la. Ya’ni talab yuqori demoqchiman. Pista va kovrak plantatsiyasi daromadi ham uzoq kutilsada, ancha daromadi yaxshi. Shu bois, aynan shu sohalarni rivojlantirishni maqsad qilganmiz. Tadbirkorning pista plantatsiyalari tashkil etish borasidagi loyihasi hududda amalga oshirilayotgan yirik loyihalardan biri, uning qiymati 20 milliard so‘m bo‘lib, jami 367 gektar maydonda 100 ming dona ko‘chat ekilgan. Shuningdek pista tagiga kovrak urug‘lari ham sepilgan.
Press-tur doirasida OAV vakillari Dehqonobod tumani hokimi Zoir Aliqulov bilan amalga oshirilayotgan loyihalar yuzasidan suhbatlashdi.
O‘lmas Barotov, O‘zA
Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.