Trixogrammani dron yordamida tarqatish usuli qo‘llanilmoqda
Toshkent davlat agrar universitetining o‘simliklarni biologik himoya qilish ilmiy tadqiqot markazida entomofaglarni tarqatish uskunalari yaratildi. Ushbu uskunalar traktor hamda dronlarga o‘rnatilib, zararli qurtlarga qarshi trixogramma tuxumxo‘rini tez hamda resurstejamkor texnologiyalar asosida qo‘llash imkonini beradi.
Biologiya fanlari doktori, professor, akademik Xojimurod Kimsanboyev O‘zA muxbiriga ushbu tadqiqotning amaliyotdagi natijalari xususida so‘zlab berdi.
— Qishloq xo‘jaligi ekinlariga juda ko‘plab zararli xasharotlar, begona o‘tlar xavf solishi natijasida hosildorlikning yo‘qotilishi kuzatilmoqda. Sohada zararkunandalarga qarshi kurashish maqsadida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

— Haqiqatdan ham bugun nafaqat bizda, balki butun jahonda qishloq xo‘jaligi ekinlariga juda ko‘plab zararkunandalar xavf solib, hosilning katta qismini nobud qilyapti. Yurtimizda har yili zararli xasharotlarga qarshi kurashish jarayonlari olib boriladi. Bitta xasharot turi ommaviy ko‘payib ketgan taqdirda ham hosilning ellik-oltmish foizi nobud bo‘lishi mumkin.

Zararli xasharotlarni hamma vaqt kimyoviy usullar bilan boshqarish ancha murakkab. Respublikamiz dalalaridagi zararkunandalar xavfini kamaytirish yoki batamom yo‘q qilish, ekologik toza mahsulot olish maqsadida o‘simliklarni tabiiy usul bilan zararkunandalardan himoya qilish g‘oyasi ilgari surilmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan paxta- to‘qimachilik klasterlarida ilmiy markazlar tashkil etish asosiy vazifa qilib qo‘yilgandi. Ana shu tashabbus doirasida Sirdaryo viloyatida paxta-to‘qimachilik klasterlari ichida birinchi bo‘lib Sayxunobod tumanidagi "POLY TEX SIRDARYO" mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi paxta- to‘qimachilik klasterida ilmiy markaz tashkil qilindi. Viloyat prokurorining qo‘llab-quvvatlashi hamda "POLY TEX SIRDARYO MCHJning qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha maslahatchisi Xolyigit Raimberdiyev va ilmiy markaz rahbari Axadqul Pirimqulovlarning sa’y-harakatlari tufayli klaster dalalarida trixogrammani dron orqali tarqatish texnologiyasi bo‘yicha yangi yo‘nalish ochdik. Bu juda foydali jarayon. Asosan g‘o‘zaga tushadigan ko‘sak qurti va zararli xasharotlarni yo‘q qilishga mo‘ljallangan.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/l94iwhscbJQ" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>— Bu amaliyot xalqona tushuntirilganda hosilga tushgan zararli xasharotlarni foydali xasharotlar, ya’ni trixogramma bilan yo‘q qilish jarayoni, shundaymi?
— Albatta, o‘zimiz yaratgan apparat dronlarga o‘rnatilib, uning ichiga trixogrammalar solinib paxta dalalariga tarqatilyapti. Eng kamida 500-600 odam qiladigan ishni bitta dron bajarmoqda. Hozircha natijalarimiz juda yaxshi. Ko‘sak qurtining tuxumi, qurtlari ham deyarli yo‘q. Hattoki, dala o‘simlik bitlari va shiralaridan ham deyarli toza.
— Trixogrammani ko‘paytirish uchun asosan qanday mahsulotlardan foydalanasizlar
— Trixogrammani shogirdim, qishloq xo‘jalik fanlari doktori, professor Azimjon Anorboyev 140 tur ichidan Hindiston populyatsiyasini olib kelib, introduksiya qilgan turi bor, bu “trixogramma chilonis”, deyiladi. Bu juda ko‘p zararkunandalar tuxumi bilan oziqlanadi, ham ko‘payadi. Bundan tashqari, ma’lum bir suyuqlikdan, “in vitro” usulida trixogrammani ko‘paytirish texnologiyasini yaratdi. Laboratoriyamizda trixogrammaning evenesi va pintoi turlari ko‘paytiriladi. Trixogramma evenesi yashab qolishi uchun 75 foiz namlik bo‘lishi, 25 daraja haroratdan oshmasligi kerak. Harorat 30 darajadan oshsa, ushbu tur nobud bo‘ladi. Trixogramma pintoi xuddi shunaqa 40-50 foiz namlik bo‘lsa ham ko‘payadi. Lekin 35 darajadan oshsa bu ham o‘ladi. Hozir dalada 50-60 daraja issiq bo‘lgani uchun 30 dajarajadan paslagan vaqtda, kechasi yoki ertalab dalaga qo‘yiladi.
Hindistondagi trixogrammaning inturoduksiya qilinishi bizning juda katta yutug‘imiz bo‘ldi. Chunki tropik xarorat yuqori bo‘lgan, qurg‘oqchilik avj olgan mamlakatlarda trixogramma yaxshi ishlaydi. Bu trixogrammani yo dronda tarqatasiz yoki bankani ochib qo‘yasangiz o‘zi uchib, o‘ljasini izlab ketaveradi. Bu juda murakkab jarayon, lekin natijasi juda yaxshi. Chunki shamol bo‘lsa ham, yomg‘ir bo‘lsa ham bargdan tushib ketmaydi. Tuxumni qidirib topib, zararlab, so‘ng o‘zi ko‘payadi.
— Hozirgi kunda paxtaga zarar yetkazadigan xasharotlar qaysilar?
— Jahonda g‘o‘zani mingga yaqin zararlaydigan xasharotlar bor. O‘zbekistonda 250 ga yaqin zararli xasharotlar mavjud. Ko‘sak qurti (Heliothis armigera Hub), degan qurt bu har yili hosilga juda katta xavf soladi. Ko‘sak qurti bargdan boshlab shona, gul, tuguncha, ko‘rakni zararlaydi. Ayrim yillari ba’zi zararkunandalar kamayib yoki ko‘payib ketadi. Lekin ko‘sak qurtining uchta avlodi har yili g‘o‘zaga tushib, juda katta zarar yetkazadi.
Yana g‘o‘zaga tushadigan karadrina, degan xavfli qurt bor. U ko‘proq g‘o‘zaning bargini, qisman shonalarini zararlaydi. Shu nuqtai nazardan ko‘sak qurti o‘ta xavfli zararkunanda hisoblanadi. Hozirgi bizning qilayotgan ishlarimiz ko‘sak qurtini tuxum holida yo‘q qilishga qaratilgan. Trixogramma ko‘sak qurtining tuxumlarini chaqib, ichiga o‘zining tuxumini qo‘yib, yana tabiatga ko‘paygan holda qaytadi.
— Bu usulning kimyoviy metoddan afzalligi nimada?
— Buning kimyoviy jarayondan afzalligi shundaki, kimyoviy usulda qayerga dori sepgan bo‘lsangiz, o‘sha yerda zararkunanda o‘ladi. Biometodda esa trixogramma qo‘yilgan joydagi zararli qurtlar tuxumlarini nobud qilib, boshqa joylardagi qurtlarni ham zararlaydi. Chunki unga o‘lja kerak. Ya’ni, ko‘payish, nasl qoldirish uchun o‘ljasini izlab topib, yo‘q qilib, o‘zi yana ko‘payadi. Kimyoviy dorining o‘rniga klasterda 100 foiz toza mahsulot olish maqsadida erta bahordan buyon mehnat qilyapmiz.
— Hozirgi kunda dalalarimizda mosh, loviya, yeryong‘oqlar quloch yozib, o‘sish jarayonida. Bu amaliyotni ularda ham qo‘llash mumkinmi?
— Albatta, juda yaxshi natija beradi. Bizda g‘o‘za ekilgan maydonlar katta bo‘lgani sababli ko‘proq e’tiborni paxta dalalariga qaratyapmiz. Azimjon Anorboyev “Sabzavot ekinlarini so‘ruvchi zararkunandalarni biologik usul bilan himoya qilish” mavzusida fan doktori dissertatsiyasini yoqladi. Sabzavot bo‘yicha izlanish olib boryapti. Albatta, bu izlanishlar natijasini biz sabzavotchilikda ham qo‘llash niyatidamiz.
— Bog‘dorchilik, ya’ni mevali daraxtlar hosildorligini ko‘paytirishda qanday natija beradi?
— Har yili o‘rik, olma daraxtiga juda ko‘plab zararkunandalar tushib, hosilni yaroqsiz holatga keltiradi. Biz hayotda ko‘proq qaysi narsaga talab bo‘layotganiga qarab ketib qolyapmiz. Masalan, boqqa, polizga kamroq e’tibor beryapmiz. Hozir endi maqsadimiz bog‘larga ham o‘tish. Shuning uchun hozir mevali bog‘larda trixogramma evenesi qo‘llanilyapti, u 60-70 foiz samara beradi. Maqsad zararkunandani tuxum holida yo‘q qilish. Tuxumdan chiqib, qurtlar mevaga kirib ketganda u samara bermaydi. Bundan tashqari, trixogramma embroiofagum, degani bor, olma qurtiga qarshi qo‘llaniladigan entomofag. Uning ham samaradorligi juda yaxshi.
— Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur.
Nigora Rahmonova, Shuhrat Suyarov, Yoqub Meliboyev (video), O‘zA