Transport inspeksiyasida ochiqlik: OAVlar uchun mediatur
Yo‘llarni bejiz “hayot tomirlari” demaydilar. U havo , suv yoki temiryo‘lda bo‘ladimi, o‘rgimchak uyasidek tarqalgan avtomobil yo‘llari bo‘ladimi, har yerda tartib, me’yorlarga qat’iy rioya va ijro intizomi zarur. Uning aksariyat qismini transport inspeksiyasi amalga oshiradi.
Bugun Farg‘ona shahrida respublika Transport nazorati inspeksiyasi viloyat hududiy bo‘limi amalga oshirayotgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazdi. Unda sohadagi yangiliklar, yangi qonun, uning tafsilotlari, amaliyotda qo‘llash uslublari, korrupsiyaga qarshi kurashish, sohani raqamlashtirish borasidagi ishlar yuzasidan axborot berildi.

Shundan so‘ng viloyatning Marg‘ilon shahri hamda Qo‘shtepa va Farg‘ona tumanlari hududida nazorat reydlari o‘tkazildi. Dastlab yuk avtomobillarining vazni, hajmini o‘lchash, bunda belgilangan me’yorlarga rioya etilayotgani borasida o‘rganishlar tashkil etildi.
– Respublika bo‘yicha 50 dan ortiq ko‘chma va statsionar tarozilar bor. Ularda yuk avtomobillari vazni o‘lchanadi, – deydi Transport nazorati inspeksiyasi axborot xizmati rahbari Firdavs Xayriddinov. – Mashinalar, ularning har bir o‘qiga belgilangan me’yorlar bor. Bu me’yorlar buzilishi ham javobgarlikka sabab bo‘ladi. Vaznga nisbatan amal qilmaslik bevosita yo‘llar sifati buzilishiga olib keladi.

Reyd uchun inspeksiya vakilligi maxsus jihozlangan avtomobilga ega. Chunki yuk mashinalari bir necha o‘lchamlarda nazorat qilinadi. Qolaversa, bunday nazorat uzoq, chet yo‘llarda bo‘lishi mumkin.
– Maxsus transport vositamiz jihozlangan bo‘lib, unda narvon, generator, balandlikni o‘lchash va yoritish jihozlari bor, – deydi Transport nazorati inspeksiyasi bosh inspektori Sherzod Qodirov. – Haydovchi bilan muloqotlarni videotasvirga oluvchi kamera ham mavjud. WiFi o‘rnatilgan bo‘lib internet yo‘q joyda ham elektron vositalar asosidagi hujjatlar rasmiylashtirilaveradi.

Foydalanishdagi yo‘llarning sifatsiz ahvolga kelishiga bir jihatdan yuk mashinalari hajmi va og‘irligi me’yorlardan ortiqchaligi yozning jazirama chog‘ida asfalt qatlamining sidirilishi va taxlamlanishiga olib keladi. Ikkinchi sabab esa, albatta yo‘l qurilishidagi sifatsizlik. Ya’ni qalinligi, zichligi, ost qatlamning me’yordagidek tayyorlanmagani kabi bir qator omillar bilan bog‘liq. Shuning uchun transport ispeksiyasi viloyat yo‘llaridagi ahvolni, ayniqsa, yangi yotqizilgan asfalt sifatini nazorat qilib turadi.
– Mazkur ob’ektdan bajarilgan ishlar loyiha talablariga mosligi yuzasidan laboratoriya namunalarini oldik, – deydi Transport nazorati inspeksiyasi Farg‘ona viloyati hududiy bo‘limi boshlig‘i Dilshod Yo‘ldoshev. – So‘ngra bajarilgan ish geometrik o‘lchamlari, yotqizilgan asfalt qoplamasining qalinligi yuzasidan laboratoriya tahlili olib boriladi. Unda qoplamaning fizik-mexanik xususiyatlari, uning suv shimuvchanligi, zichligi va boshqa ko‘rsatkichlari sinab ko‘riladi. Laboratoriya ko‘rsatkichlari loyiha ko‘rsatkichlariga solishtiriladi.

Afsuski, bu sohada bir qator muammolar mavjud. Hozir tadbirkorlik sub’ektlari ham yo‘llarni asfaltlash bilan shug‘ullanadi. Ayniqsa, ichki yo‘llarni. Ammo aksariyat tadbirkorlar soha mutaxassisi emas, ularda ixtisoslashgan texnik vositalar yo‘q, yoki yetarli emas, sifat laboratoriyasi esa umuman bo‘lmagan... Ammo tenderda g‘olib chiqdi, deya ob’ektlar ularga topshirilmoqda. Eng achinarlisi shundaki, transport inspeksiyasi bu tadbirkorlik sub’ekti faoliyatini o‘rganish uchun juda ko‘p idoralar ruxsatini olishi talab etiladi. Bunday kamchiliklar ixtisoslashgan qurilish tashkilotlarida ham uchrab turadi.
– Belgilangan me’yorlarga amal qilinmasa, nuqson va qoida buzishlarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatmalar beriladi. Agar bajaradigan ish ko‘lami katta bo‘lib sifati talabga javob bermasa, unga ajratilgan mablag‘ni hisobdan chiqarish haqida buyurtmachiga talabnoma kiritiladi, – deydi Dilshod Yo‘ldoshev.

Nazorat qilish ishlari natijasida 17 ta ob’ektda aniqlangan 778 mln.so‘mlik sifatsiz bajarilgan ishlarning hajmini to‘lovdan chiqarish bo‘yicha buyurtmachilarga talabnomalar kiritildi.
Matbuot anjumani davomida Transport nazorati inspeksiyasi va Farg‘ona viloyati OAVlari o‘rtasida hamkorlik kelishuvi qabul qilindi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/YFSz8SK8GsE" title="Farg‘onaning yangilangan bosh darvozasi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov(video, surat),O‘zA