Trampning Eronga qarshi siyosati: yechimmi yoki yangi tanglik? (+video)
AQSH tomonidan joriy etilgan cheklovlar Eronga iqtisodiy bosim o‘tkazish va uni Hurmuz bo‘g‘ozini ochishga majbur qilish maqsadida qilingan, deb xabar tarqatdi Euronews.
Bo‘g‘ozning olti hafta davomida yopilishi dunyoda neft narxlarining keskin oshishiga olib keldi. Kelishuv boshlanganidan keyin bo‘g‘oz orqali kuniga taxminan 40 ta kema o‘tmoqda, urushdan oldin 100 dan ortiq kemalar o‘tgan. AQSH prezidenti Donald Trampning ma’lum qilishicha, Amerika harbiylari Eron portlariga kirib-chiqishni cheklash orqali Tehronni Hurmuz bo‘g‘ozini ochishga va Vashington qo‘ygan shartlarni qabul qilishga majbur qilmoqda.
Britaniyaning dengiz savdo operatsiyalari xizmati ma’lumotiga ko‘ra, bu cheklov Eronning butun qirg‘oq bo‘yini, portlari va energetika infratuzilmasini qamrab olgan.
Britaniya hukumatiga ko‘ra, Eron portlariga kirish va chiqish cheklangan bo‘lsa-da, Hurmuz bo‘g‘ozi orqali boshqa davlatlar kemalari harakati to‘liq to‘xtamagan, lekin harbiy nazorat kuchaytirilgan. “Biz Eronning dunyoni qo‘rqitib pul undirishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz” – demoqda Tramp. U AQSH hali ham Eron bilan muzokaralarga tayyor ekanini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Eron tomonidan qo‘ng‘iroqlar bo‘lgan” va ular kelishuvga erishishni xohlashmoqda.
AQSH va Eron o‘rtasida ikkinchi bosqich muzokaralar bo‘lishi mumkinligi haqida ham ma’lumotlar bor.
Eron esa ularga tegishli portlarga AQSH cheklov joriy qilsa, javob choralari ko‘rilishidan ogohlantirgan. Tehron bayonotiga ko‘ra, agar ularning portlariga chiqish qiyinlashsa, Fors ko‘rfazidagi hech bir port xavfdan xoli bo‘lmaydi.
Bu bayonotlar AQSH va Eron o‘rtasida muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlanganidan keyin aytilgan. AQSH delegatsiyasini boshqargan Jey Di Vens muzokaralardagi asosiy to‘siq Eronning yadroviy rejalardan voz kechishni istamagani bo‘ldi, deya ma’lum qilgan.
Tahlilchilar fikricha, AQSH faqat harbiy kuch bilan bo‘g‘ozdagi vaziyatni to‘liq tiklay olishiga shubha bor.
Bu qarama-qarshilik jahon iqtisodiyoti uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda va urush yana qayta boshlanishi mumkinligi haqida xavotirlarni kuchaytirmoqda.
<iframe width="640" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/Iczqq1reup0?si=X33mWwvJH0cMFvg3" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Iskandar Ismatov, O‘zA