Tramp yana bosimni kuchaytirdi: YeIga 4-iyulgacha muhlat berildi
AQSH Prezidenti Donald Tramp Yevropa Ittifoqini yangi tarif tahdidi bilan yana bosim ostiga oldi. Uning bayonotiga ko‘ra, Bryussel 4-iyulgacha savdo kelishuvidagi majburiyatini to‘liq bajarmasa, ko‘hna qit’a mahsulotlariga nisbatan boj keskin oshiriladi.
Amerika yetakchisi Ursula fon der Lyayen bilan muloqotdan keyin ijtimoiy tarmoqda chiqish qilib, YeI Shotlandiyada erishilgan kelishuv sharti bajarilishi kechikayotganini aytdi. Vashington Yevropa tomonidan AQSH tovarlari uchun tarif nolga tushirilishini talab qilmoqda.
Bu bayonot Yevropa avtomobil sanoati uchun jiddiy xavotir uyg‘otmoqda, chunki AQSH avval bu qit’a avtomobillariga 25 foiz tarif joriy etish bilan tahdid qilgan. Mutaxassislar fikricha, bunday qaror Germaniya kabi davlatlar iqtisodiyotiga kuchli zarba berishi, ishlab chiqarish quvvati Yevropadan chiqib ketishini tezlashtirishi mumkin.
Ayni payt Yevropa parlamenti va a’zo davlatlar kelishuvni amalga oshirish bo‘yicha muzokarani davom ettirmoqda. Bryussel esa 4-iyulgacha qonunchilik jarayoni yakunlanishiga ishonch bildiryapti. Shu bilan birga YeI xavfsizlik sohasida ham faollashib, Polsha va Litvaga milliardlab yevrolik mudofaa krediti ajratish jarayonini boshladi.
Musulmon Ziyo, O‘zA