Tozalikni o‘rnatish — hammaning burchi
O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi hamda bir qator hamkor tashkilotlar ishtirokida Butunjahon tozalik kuni munosabati bilan poytaxtimizning Bobur nomidagi eko bog‘ida ekofestival bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlash joizkti, Butunjahon tozalik kuni — bu insoniyat o‘zi yashab turgan hududda tozalikni o‘rnatish g‘oyasini ifoda etadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, g‘oya dastavval 2008 yil Estoniyada vujudga kelib, 50 000 ko‘ngillilar mamlakatni chiqindilardan xoli etish uchun birlashgan. bugungi kunga kelib mazkur kun ko‘ngillilarning bir kun davomida 180 dan ortiq mamlakatni bir maqsad sari birlashtiruvchi yirik ijtimoiy harakati ifodasini topgan jarayonga aylandi.
O‘zbekistonda esa ushbu sanaga bag‘ishlangan tadbirlar ilk bor 2019 yildan boshlab o‘tkazib kelinmoqda.

Ushbu sana munosabati bilan tashkil etilgan ekofestival doirasida tegishli mas’ullar atrof-muhit tozaligini saqlash, yashab turgan hududni ifloslantirishga qarshi kurashish borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Vatanimiz gullab-yashnashi, yurtimiz obodligi yo‘lida o‘zini daxldor bilgan har bir inson hududlarning toza-ozodaligi, musaffoligi uchun o‘z hissasini qo‘shishi lozimligi ta’kidlandi.
Ekofestivalda ishtirok etgan ko‘ngillilar bog‘ hududini tozalash va obodonlashtirish ishlariga kirishib ketishdi.