Toza havo – salomatlik garovi
Mamlakatimizda joriy yilning 10 aprelidan 10 may kuniga qadar «Toza havo» oyligi e’lon qilindi. Mazkur oylik doirasida Surxondaryo viloyatida 6 mingta avtotransport vositasini ko‘rikdan o‘tkazish belgilangan.
Dunyoda sanoat korxonalari va transport vositalarining keskin oshib borayotgani atmosfera havosiga tashlanadigan zararli tashlamalarni ko‘paytirib, insoniyat oldiga jiddiy muammolarni ko‘ndalang qo‘ymoqda.
Mamlakatimizda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining «Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonuni atrof-muhit ifloslanishining oldini olishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Jumladan, mazkur qonunning 1-moddasida atmosfera havosi tabiiy resurslar tarkibiga kiritilgani va davlat tomonidan muhofaza qilinishi alohida belgilab qo‘yilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Surxondaryo viloyatida atmosfera havosiga jami tashlanadigan tashlamalarning 95 foizi harakatlanayotgan transport vositalaridan hosil bo‘ladi. Oylik doirasida viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish hamda viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmalari hamkorligida atmosfera havosiga belgilangan me’yor darajasidan yuqori zararli tashlama tashlovchi transport vositalarini aniqlash hamda haydovchilarga uning oqibatlarini tushuntirish, transport vositalaridan chiqayotgan zararli gazlar miqdorini me’yor darajasiga keltirib, atmosfera havosiga bo‘ladigan zararli ta’sirlar miqdorini kamaytirishga qaratilgan tadbirlar tashkil etilmoqda.
«Toza havo» oyligi davomida vohada 6 mingta avtotransport vositasini ko‘rikdan o‘tkazish rejalashtirilgan. Shu kungacha ko‘rikdan o‘tgan 1 ming 233 ta avtotransportning 16 tasida atmosfera havosiga zararli tashlama tashlash me’yoridan ortiqligi aniqlanib, haydovchilar belgilangan tartibda ogohlantirildi. Mamlakatimiz fuqarolari atrof tabiiy muhitning ifloslanishiga javobgar ekani atroflicha tushuntirildi.
«Toza havo» oyligi doirasidagi tadbirlar davom etmoqda.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA