Toshloq tumani yanada obod bo‘lmoqda
Hukumatimizning o‘tgan yil 21 sentyabrda qabul qilingan «2020-2022 yillarda Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori hududni yanada taraqqiy etishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Bu bo‘yicha chora-tadbirlari dasturi tasdiqlangan bo‘lib, 1 ming 887 ta loyihalarni amalga oshirish nazarda tutilgan.
O‘tgan davrda 28 ta investitsiya loyihalari ishga tushirildi. Ko‘plab maktablar, tibbiyot muassasalari, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari kapital rekonstruksiya qilinyapti. 39 ta mahallalardagi 54 kilometr ichki yo‘llar joriy ta’mirlanmoqda, “Konizar”, “Xo‘jaariq”, “Naymanbo‘ston”, “Istiqlol”, ”Mehnatobod” mahallalariga ichimlik suvi tarmog‘ini tortish ishlari olib borilmoqda.
Albatta, olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari tuman qiyofasini yangilayapti. Yangi inshootlar, korxonalar ishga tushirilib, aholining turmush darajasini yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Turizmni rivojlantirish, shuningdek, mehmonlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida tuman markazida "Istiqlol LRM" mehmonxonasi ish boshladi. Uning ochilishida Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etdi. Mehmonxonada yaratilgan qulayliklar bilan yaqindan tanishib, zamonaviy tarzda xizmat ko‘rsatish, mijozlar uchun sharoitlar yaratish bo‘yicha o‘z takliflarini berib o‘tdi.
Tumanda tadbirkorlikni rivojlantirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ishlari samarasida istiqbolli loyihalar ro‘yobga chiqyapti. Tadbirkor Salimjon Qodirov tuman markazida 600 o‘rinli “Oltin vodiy” to‘yxonasini barpo etgandi. Bir necha yil majmua aholiga xizmat ko‘rsatdi.
Pandemiya sharoitidan kelib chiqib, to‘ylar ixchamlashtirilib, odamlar soni ancha cheklandi. Katta hajmdagi to‘yxonalar faoliyati to‘xtab, ehtiyoj kamaydi. Vaziyatdan kelib chiqib, tadbirkor majmuani boshqa maqsadlar uchun o‘zgartirishga kirishdi. To‘yxona negizida 50 ta savdo nuqtalari, yoshlar uchun o‘quv markazi tashkil qilindi. Ayni kunlarda markaz ishga tushib, faoliyat ko‘rsatishni boshladi.
Viloyat rahbari mazkur savdo majmuasida amalga oshirilayotgan ishlarni borib ko‘rdi. Tadbirkorning rejalari bilan qiziqdi va majmuani rivojlantirish borasida ko‘rsatmalar berildi.
M. Sulaymonov, O‘zA