Toshkentga “Lufthansa Technics AG” vakillari tashrif buyurdi
O‘ttiz yil avval “Uzbekistan Airways Technics” aviata’mirlash korxonasi mutaxassislari “Lufthansa Technics AG” kompaniya bazasida o‘qitilgan edi. Hamkorlik yubileyi munosabati bilan “Lufthansa Technics AG” vakillari Toshkent shahriga tashrif buyurdi va “Uzbekistan Airways” AJ rahbariyati bilan uchrashdi.
O‘ttiz yil avval yangi aviatsiya texnikasini o‘zlashtirish boshlangan edi. Ta’mirlash bo‘limi to‘liq qaytadan jihozlandi. Xususan, bu xalqaro sertifikatlarni olish uchun ham juda zarur edi. Mazkur jarayonda Germaniya aviakorxonasi bilan hamkorlik muhim o‘rin tutdi. Bugungi kunda “Uzbekistan Airways Technics” MDH mamlakatlaridagi eng yirik ixtisoslashgan korxonalardan biri hisoblanadi. Uning mutaxassislari havo kemalarini ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha xalqaro standartlar darajasidagi xizmatlarni taqdim etadi.

“Uzbekistan Airways” AJ boshqaruv raisining ishlab chiqarish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Umid Xusanovning so‘zlariga ko‘ra, “Lufthansa Technics AG” bilan hamkorlik muhim ahamiyatga ega. Hamkorligimiz 30 yildan beri davom etib kelayotgani ham ko‘p narsadan dalolat beradi. Joriy yilda milliy aviatashuvchi “Lufthansa Technics AG” bilan birgalikda yirik loyihani amalga oshirishni rejalashtirgan.
Umid Xusanov kompaniyalar o‘rtasidagi hamkorlik mustahkamlanib borayotganini ta’kidlab, o‘n yil o‘tib uning 40 yilligi nishonlanishiga umid bildirdi.
Shu tariqa, Germaniya avikompaniyasi bilan hamkorlik nafaqat mutaxassislarni o‘qitish va ehtiyot qismlarini ta’mirlash, balki aviata’mirlash xizmatlari bozorini o‘rganish va “Uzbekistan Airways Technics” mijozlar bazasini yaratishdan ham iborat edi. 1997 yildan boshlab esa korxonaning muhandis-texnik xodimlari milliy aviatashuvchining har bir yangi havo kemasiga mustaqil ravishda xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
“Lufthansa Technics AG” ijroiya qo‘mitasi a’zosi, amaliyotlar va kadrlar bo‘yicha direktor Xarald Gloy “Lufthansa Technics AG” kompaniyasi uchun ham “Uzbekistan Airways Technics” bilan hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish muhimligini ta’kidladi. O‘tgan o‘ttiz yil davomida hamkorlik mustahkamlanib, o‘z samarasini bermoqda.

– Hamkorlikdagi faoliyatimiz ikkala samoletlarga texnik xizmat ko‘rsatishdan boshlangan bo‘lib, endilikda bu butun mamlakat flotining katta qismiga tegishlidir, – deydi Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Tilo Klinner. – Hamkorligimiz doimiy ravishda kengayib borayotganidan xursandman. Davlatlarimiz bir-biridan uzoqda joylashgan. O‘tgan yil ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning eng muvaffaqiyatli yili bo‘ldi. Shu davr ichida yurtimizga O‘zbekistondan bir necha bor yirik delegatsiyalar tashrif buyurdi, Berlinda esa mamlakatingizning arxeologik merosi namoyish etilgan ko‘rgazma bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida aviaqatnovlarning rivojlanishi sayyohlar oqimining oshishiga olib keladi.

“Uzbekistan Airways Technics” MCHJ “Uzbekistan Airways” AJning tarkibiy bo‘linmasidir. U havo kemalari, dvigatellar va komponentlarga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash sohasida 98 yildan ortiq tajribaga ega. Korxona xodimlari deyarli barcha turdagi “Airbus” va “Boeing” havo kemalariga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash ishlarini amalga oshiradi.
Roman Bondarchuk, O‘zA.