Toshkentda yer narxi 9,4 foizga pasaydi
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yilda ko‘chmas mulk bozorida faollik sezilarli darajada tezlashdi. To‘rtinchi chorakda oldi-sotdi bitimlari soni 89,7 mingtani tashkil etdi va bu 2024-yilga nisbatan 24,5 foizga ko‘p edi. Respublika bo‘yicha jami bitimlar soni yil boshidan 319,5 mingtaga yetdi (+15,8 foiz).
Hududlar kesimida eng yuqori o‘sish Buxoro (25,6 foiz), Sirdaryo (23,1 foiz), Samarqand (19,2 foiz), Jizzax (17 foiz) va Xorazm (16,4 foiz) viloyatlarida qayd etildi. Toshkent shahri va viloyati hamda Farg‘onada o‘rtacha o‘sish 15,5 foizni tashkil qildi.
Ipoteka kreditlari hajmi 29 foizga o‘sib, 21,2 trln. so‘mga yetdi.
Yangi turar-joylar foydalanishga topshirilgan maydon 15,9 mln. kv.metrga yetdi (+7,2 foiz). Xorazm (36 foiz), Surxondaryo (6,7 foiz) va Farg‘ona (6,5 foiz) viloyatlari yangi binolar qurilishida yetakchilik qildi.
Birlamchi va ikkilamchi ko‘p qavatli uy bozorlarida narxlar dollarda mos ravishda 5,7 foiz va 7,9 foizga o‘sdi, so‘mda esa yillik o‘zgarish -1,3 foiz va 0,7 foizni tashkil qildi. Ijara narxlari yil yakunida dollarda 8,3 foizga o‘sdi, so‘mda esa deyarli o‘zgarishsiz qoldi.
Toshkent shahrida 100 kv.metr (1 sotix) yerning narxi dekabr oyida 319 mln. so‘mni tashkil etib, oldingi yilga nisbatan 9,4 foizga pasaydi. Markaziy bank buni shaharning chekka hududlarida yer taklifi oshishi (22 foiz) va markazda qisqarishi (-13 foiz) bilan izohladi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA