Toshkentda yangi bekat majmualarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi
Toshkent shahar hokimligida jamoat transporti infratuzilmasini rivojlantirish hamda yangi bekat majmualarini tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Matbuot anjumanida yangi bekat majmualarining texnik va funksional yechimlari, loyiha qiymati, moliyalashtirish manbalari, investor majburiyatlari, bekatlar bilan bog‘liq savdo ob’ektlarini ko‘chirish jarayonlari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Shuningdek, avtobuslar harakati intervali, bekatlarning qulayligi va sig‘imi, yo‘lovchilar uchun yaratilayotgan sharoitlar, sanitariya holati, bekatlar nomlarini tartibga keltirish, avtomobillarning bekat hududida to‘xtashi, savdo ob’ektlari, kompensatsiyalar, loyiha muddatlari va boshqa dolzarb masalalar yuzasidan muhokamalar o‘tkazildi.

Mutaxassislar barcha savollarga batafsil javob berdi. Matbuot anjumanidan so‘ng ishtirokchilar yangi va amaldagi bekatlarni joyiga chiqib ko‘zdan kechirdi.
Tashrif davomida zamonaviy bekat majmualari, ijtimoiy ahamiyatga ega bekatlar hamda eski turdagi bekatlar o‘rtasidagi farqlar, yo‘lovchilar xavfsizligi, qulayligi va foydalanish talablari amaliy misollar orqali namoyish etildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA