Toshkentda xalqaro seminar
Poytaxtimizda taekvondo (ITF) murabbiylari uchun xalqaro seminar o‘tkazildi.
Poytaxtimizda taekvondo (ITF) murabbiylari uchun xalqaro seminar o‘tkazildi.O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlar vazirligi, Taekvondo federatsiyasi (ITF) va Xalqaro taekvondo federatsiyasi (ITF) hamkorligida tashkil etilgan seminarda 100 nafar mutaxassis va murabbiy ishtirok etdi.
Tadbirda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sportni rivojlantirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama sog‘lom va barkamol insonlar qilib tarbiyalashga doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik qaratilayotgani ta’kidlandi. Buning samarasida yurtimizda sportning yakkakurash turlari, jumladan, taekvondo ham yoshlar o‘rtasida ommalashib, ular orasidan mahoratli sportchilar saralanmoqda. Terma jamoamiz a’zolarining xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etishi uchun qulay shart-sharoit yaratilayotir.
– O‘zbekistonda sport rivoji uchun juda keng imkoniyatlar yaratilgan, – deydi argentinalik mutaxassis Xektor Marano. – Seminar davomida murabbiylar katta tajribaga egaligi, mamlakatingizda ulkan salohiyat va mahoratli sportchilar tarbiyalanayotganiga guvoh bo‘ldim.
Seminarda taekvondoni xalqaro miqyosda va yurtimizda bosqichma-bosqich rivojlantirish, murabbiylarning tajribasini oshirish, xalqaro musobaqalarni yuqori saviyada tashkil etish, sportchilarning mahoratini yuksaltirish, o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash kabi masalalar muhokama qilindi.