Toshkentda Markaziy Osiyo chempionati o‘tkazilmoqda
Bugun 29 sentyabr kuni poytaxtimizda yengil atletika bo‘yicha yoshlar va o‘smirlar o‘rtasidagi 2-Markaziy Osiyo chempionati boshlandi.
O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasidan ma’lum qilishlaricha, musobaqada 2004-2005 va 2002-2003 yillarda tug‘ilgan yoshlar ishtirok etmoqda.
Unda Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Eron va mamlakatimizning 1000 nafarga yaqin sportchilari o‘z yo‘nalishlarida g‘oliblik uchun kurash olib borishadi.
Bugun chempionat dasturiga binoan kun mobaynida 2004-2005 yillarda tug‘ilganlar bahslashadi va yengil atletikaning turli yo‘nalishlarida g‘olib va sovrindorlar aniqlanadi.
Ertaga 30 sentyabr kuni esa 2002-2003 yillarda tug‘ilgan yoshlar musobaqalarga kirishadi.
Musobaqa bosh hakami Nizom To‘xtaboyevning bildirishicha, ushbu musobaqa terma jamoalar uchun kelgusi yili Xitoyda o‘tadigan yozgi Osiyo o‘yinlari hamda 2024 yilgi Parij olimpiadasi oldidan iqtidorli sportchilarni saralashda muhim ahamiyat kasb etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA