Toshkentda Koreya laboratoriyasi ish boshladi
U Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi va Koryo universiteti klinikasi hamkorligi natijasida ochilgan.
Toshkent shahrida Koreya texnologiyalariga asosan “COVID-19”ga test topshirish boʻyicha laboratoriya faoliyat yurityapti. U Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi va Koryo universiteti klinikasi hamkorligi natijasida ochilgan.
Janubiy Koreyaning mazkur universiteti vakillari hamda ularning qoʻl ostida tegishli taʼlim olgan mahalliy mutaxassislar laboratoriyani boshqaradi.
Professor Seung Yun tushuntirib berganidek, “COVID-19” kasalligini tashxislash maqsadida PCR testini oʻtkazish uchun mazkur laboratoriyani tashkil etish zarurati Oʻzbekiston fuqarolarining Koreya Respublikasiga ketishi, jumladan, mehnat migratsiyasi doirasida yoʻl olishi tufayli paydo boʻlgan. Pandemiya sharoitida Koreyaga borishning muhim sharti Oʻzbekistondan uchishdan 48 soat avval “COVID-19”ga topshirilgan testning manfiy chiqishi sanaladi.
Toshkent shahrida Koreya laboratoriyasi ochilgunga qadar Koreyaga Oʻzbekistondan qoʻlida manfiy test natijasi bilan uchib borganlarning deyarli yarmi Seuldagi testdan oʻtganda koronavirus infeksiyasi yuqtirgani maʼlum boʻlgan. Koryo universiteti xodimlari tomonidan tashkil etilgan laboratoriya ishlashni boshlashi bilan Koreyaga uchib borayotgan oʻzbekistonliklarning “COVID” bilan bogʻliq muammosiga chek qoʻyildi. Laboratoriya esa bir oydan beri ishlayapti.
Bu har ikkala tomon uchun ham juda muhimdir. Chunki Koreyaga uchib borganlarda agar infeksiya aniqlansa, ular yo Koreyada oʻz hisobidan ikki hafta davomida davolanishi kerak boʻlgan. Bu 5 ming dollar atrofida xarajatdir. Yoki Oʻzbekistonga qaytib kelishi kerak. Bu ham oʻz hisobidan, albatta.
Koreya laboratoriyasi testi boshqa laboratoriyalarga qaraganda qimmatroq. Bu koreyalik mutaxassislarning Toshkentda doimiy yashashi zarurati bilan bogʻliq.
Milliy palata taklifiga muvofiq, koreyalik shifokorlar Oʻzbekistonning “COVID-19”ga test oʻtkazadigan boshqa laboratoriya mutaxassislarini mazkur laboratoriya tajribasiga asosan oʻqitishga tayyor.
Laboratoriya direktori Yeui Song taʼkidlaganidek, Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi bilan hamkorlik sogʻliqni saqlash tizimidagi eng zarur talablarga tezkor eʼtibor qaratish imkonini beradi. Bugun Koreya texnologiyalari asosida ochilgan ushbu laboratoriya odamlarga “COVID-19” boʻyicha oʻz holatini aniq bilish va bexavotir safarga chiqish imkonini beradi. Ertaga boshqa dolzarb loyiha boʻlishi mumkin. Laboratoriya rahbari “Zamonaviy hamkorlik har qanday sohada, ayniqsa, sogʻliqni saqlashda eng zarur talablarni chuqur tushunishga asoslanadi” deb hisoblaydi.
Shundan kelib chiqib, Milliy palata raisi oʻrinbosari Abdunumon Sidiqov bilan boʻlgan navbatdagi uchrashuvda Koreya tomonidan hamkorlikni ikki tomonlama rivojlantirish boʻyicha kelgusi rejalar muhokama etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi va Koryo universiteti klinikasi oʻrtasidagi hamkorlik haqidagi memorandum 2019-yilda Seulda imzolangan edi. Ushbu hujjat Oʻzbekiston aholisiga sifatli tibbiy yordam koʻrsatishni maqsad qilgan qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, sogʻliqni saqlash tizimidagi ilmiy ishlab chiqarish va hamkorlikning boshqa turlarini koʻzda tutadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion sogʻliqni
saqlash milliy palatasi matbuot xizmati.