Toshkentda Hindiston mustaqilligining 80 yilligi tantanali nishonlandi
Bugun Hindistonning O‘zbekistondagi elchixonasida ushbu mamlakat mustaqilligining 80 yilligi munosabati bilan davlat bayrog‘ini ko‘tarish marosimi tantanali tarzda o‘tkazildi.
Marosimda ushbu mamlakat fuqarolari, talabalar, Hindistonning do‘stlari hamda mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
E’tiborlisi, tadbir avvalida elchixona tomonidan ilk bor tashkil etilgan “Surya Patx Tiranga” (“Quyosh yo‘li-uch rangli bayroq”) estafetasi bo‘lib o‘tdi. Unda Hindistonning uch rangli milliy bayrog‘i quyosh chiqishiga hamohang ravishda sharqdan g‘arbga qarab ko‘tarildi. Mazkur tashabbus Hindistonning birdamligi, milliy g‘ururi va jahon hamjamiyatidagi nufuzini namoyon etdi.
Shundan so‘ng Hindistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Smita Pant xonim tadbir ishtirokchilarini qutlab, mamlakat Prezidentining Mustaqillik kuni arafasida xalqqa yo‘llagan murojaatini o‘qib eshittirdi.
– Bugungi muhim tadbirda ishtirok etganingiz uchun barchangizga samimiy minnatdorlik bildiraman. Hindistonning strategik hamkori bo‘lgan O‘zbekistonda Mustaqillik ruhini his qilib turibmiz. Ayni paytda Hindiston mustaqilligining 80 yilligi nishonlanmoqda.
Hindiston Prezidenti o‘z murojaatida barqaror va inklyuziv rivojlanish masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Shuningdek, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash va bu borada amalga oshirilayotgan dasturlarga to‘xtaldi. Yoshlar masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Prezident yuksalish va farovon hayotga erishish uchun bu maqsadlarni birgalikda amalga oshirishimiz kerak, degan fikrni ilgari surdi. Murojaatdan men uchun eng muhim xulosa - barqaror rivojlanish, insonparvarlik, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarga e’tibor qaratish va hech kimni ortda qoldirmaslik g‘oyalaridir.
Yakunda shuni ta’kidlamoqchimanki, Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar o‘ziga xos va samimiy xarakterga ega. Bugun bu yerda o‘zbek do‘stlarimiz ham o‘z san’atlarini namoyish etdi. Ular Andijon polkasini ijro etib, milliy va zamonaviy uslublar uyg‘unligidagi chiqishni taqdim etdi. Bu chiqishlar ikki xalqning bir-biriga qanchalik yaqin ekanini yana bir bor namoyon etdi.
Ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va yaqinlik madaniy hamda ma’naviy rishtalar bilan chambarchas bog‘langan, – dedi elchi Smita Pant.
Lal Bahodur Shastri nomidagi Hindiston madaniyat markazi jamoasining chiqishlari tadbirga ko‘tarinkilik baxsh etgan bo‘lsa, “Bharat ko Janiye” viktorinasining eng yaxshi besh nafar ishtirokchisi taqdirlanishi, rassomlik mahorati darsi hamda “Viksit Bharat” rassomlik tanlovining eng yaxshi uchta asari namoyishi esa unga o‘ziga xos mazmun bag‘ishladi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA