Toshkentda “Buxarest – kichik Parij” ko‘rgazmasi davom etmoqda
Joriy yilning 25 mart kuni Toshkent Fransiya alyansida “Buxarest – kichik Parij” ko‘rgazmasi ish boshladi.
Ruminiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi, Milliy axborot agentligi – “Ajerpres” hamkorligida, Toshkent Fransiya alyansi ko‘magida tashkil etilgan tadbir Ruminiyaning Frankofoniya xalqaro tashkilotiga a’zo bo‘lganining 30 yilligiga bag‘ishlanadi.
Toshkentda Frankofoniya bayramini nishonlash doirasida o‘tkazilayotgan 22 ta fotosuratdan iborat ko‘rgazma O‘zbekiston jamoatchiligiga Ruminiya poytaxtining 1929-1939 yillardagi tasvirini taqdim etadi.
Ruminiya xalqlarimizni eng yaxshi yaqinlashtiradigan bo‘g‘in sifatida O‘zbekiston bilan barcha darajadagi, jumladan, madaniyat sohasidagi munosabatni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil 18 dekabr kuni Ruminiya elchixonasi mamlakatimiz bilan ikki va ko‘p tomonlama aloqani rivojlantirish, mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligidan minnatdorchilik sertifikatini qabul qilib olgan edi.
Darvoqe, ko‘rgazma 31 martga qadar tashrif buyuruvchilar uchun ochiq bo‘ladi.
B.Xudoyberdiyev,
O‘zA muxbiri