Toshkentda avtobuslar uchun ajratilgan yo‘laklarga deliniatorlar o‘rnatilmoqda
Toshkent shahrida jamoat transporti harakatini yanada samarali tashkil etish maqsadida avtobuslar uchun mo‘ljallangan “A” toifasidagi alohida yo‘laklarni bosqichma-bosqich joriy etish ishlari davom etmoqda.
Toshkent shahar Yo‘l harakatini tashkil etish markazidan ma’lum qilinishicha, Furqat ko‘chasidagi Magic City hududidan Islom Karimov ko‘chasidagi Xalqlar do‘stligi saroyi atrofigacha bo‘lgan yo‘l qismida avtobuslar uchun maxsus “A” yo‘lagi tashkil etilib, tegishli yo‘l chiziqlari chizildi. Ayni kunlarda ushbu yo‘lakni umumiy transport oqimidan ajratib turuvchi deliniatorlar (yo‘lni ajratuvchi ustunchalar) o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.
Deliniatorlar boshqa transport vositalarining avtobus yo‘lagiga kirib ketishini cheklaydi, tartibsiz qayta saflanishlarning oldini oladi hamda haydovchilarga jamoat transporti ustuvorligi boshlanadigan hududlarni aniq ko‘rsatib beradi.
Ma’lumotga ko‘ra, joriy yil yakuniga qadar Toshkent shahrining 30 dan ortiq ko‘chasida “A” toifasidagi alohida yo‘laklarni tashkil etish rejalashtirilgan. Ushbu yo‘nalishlarda deliniatorlar va jamoat transporti samaradorligini oshirishga qaratilgan boshqa infratuzilma elementlari ham bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Qayd etilishicha, AQSH, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Singapur, Avstraliya hamda Boku shahrida avtobuslar uchun ajratilgan alohida yo‘laklar jamoat transporti tezligini oshirish, tig‘iz vaqtlardagi kechikishlarni kamaytirish va qatnov jadvalining barqarorligini ta’minlashga yordam bermoqda. Yirik shaharlarda ushbu tizim tirbandliklarni kamaytirish va jamoat transportining jozibadorligini oshirishning muhim vositalaridan biri sifatida qo‘llaniladi.
Ta’kidlanishicha, ushbu chora-tadbirlar avtobuslar harakatini tezkor va barqaror qilishga xizmat qiladi. Natijada yo‘lovchilarning yo‘ldagi vaqt sarfi qisqaradi, qatnov qulayligi oshadi va yo‘llardagi tirbandlik kamayadi.
M.HOJIAKBAROVA,
O‘zA