Toshkentda 9-Yevropa kinofestivali bo‘lib o‘tadi
Joriy yilning 29 noyabr-1dekabr kunlari Toshkentda 9-Yevropa kinofestivali bo‘lib o‘tadi.
Kinofestival Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi tomonidan hamda mahalliy tashkilotlar ko‘magida tashkil etiladi.
Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikning 30 yilligi munosabati bilan o‘tkaziladigan ushbu kinotaqdimot dasturidan Avstriya, Bolgariya, Shvetsiya, Finlyandiya, Germaniya, Sloveniya kabi mamlakatlarning sara asarlari o‘rin olgan.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi matbuot kotibi Malika Musayevaning ta’kidlashicha, kinofestivalda Yevropa yakdilligini ifoda etuvchi turli janrdagi filmlar namoyish etiladi.
– Yevropa kinofestivali kino muxlislari uchun uzoq kutilgan voqea bo‘lib, madaniyatlarni birlashtiradi va ufqlarni kengaytiradi. Festival dasturi global va Yevropa miqyosidagi ijtimoiy muammolarning keng ko‘lamini tadqiq etuvchi chuqur dramalardan tortib komediyalargacha bo‘lgan janrlarni o‘zida qamrab olgan. O‘ylaymanki, mazkur kino asarlari o‘zbek tomoshabinlariga manzur bo‘ladi, – dedi M.Musayeva.
N.Ziyodullayeva, O‘zA