Toshkent viloyati Navro‘z bayrami og‘ushida
Toshkent viloyatida ham Navro‘z umumxalq bayrami, bahoriy shodiyona keng nishonlanyapti. Asosiy tantanalar esa Nurafshon shahridagi amfiteatr va uning atrofida tashkil qilindi.
Bugun barchaning kayfiyati o‘zgacha, o‘zaro gurunglarda yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalik, qut-baraka, mehr-oqibat shukronasi ulug‘lanyapti. Amfiteatrga olib boruvchi katta yo‘l bo‘yida bahoriy sayl tashkil etilgan. Unda har bir tuman-shahar uchun bayram pavilonlar ajratilgan. Viloyat ahli va mehmonlar sayilga chiqishgan. Har bir sayil ishtirokchilari ulardan tatib ko‘rishi va hududlarning azaliy pazandalik hamda mehmonnavozlik qadriyatlariga baho berdi.
— Navro‘z shodiyonalari Chirchiq shahrida ham zo‘r kayfiyat bilan nishonlandi, — deydi shahar qozoq milliy-madaniy markazi rahbari Jaqsыliq Jo‘riqbayev. — Barcha xursand. Shahrimizda 160 ming nafardan ortiq aholi yashaydi. Shundan 25 ming nafardan ziyodi qozoq millati vakillaridir. Bayramlarda o‘zimizning milliy jamoalarimiz bilan qatnashyapmiz. bugungi viloyat tadbirida ham o‘z sahna ko‘rinishlarimizni namoyish qildik. Aslida bu bayramlar qardosh xalqlarni yanada birlashtiradi.
Ayniqsa, bu jarayonlarda Yangiyo‘l tumani va shahri vakillari ham faol qatnashdi. Atrofdagi tomoshalar, maqom va estrada yo‘nalishidagi chiqishlarni, sho‘x raqslarni hamma zavq bilan tomosha qilyapti. Dasturxonlarda bahor taomlari va halim tortildi.
— Har yili bayramni o‘zgacha kayfiyatda kutib olamiz, — deydi Yangiyo‘l tumani "Sohibkor" mahallasi yoshlar yetakchisi Pokiza Oripova. — Bugungacha hududlarda ko‘chat ekish aksiyalari, hasharlar qilindi. Yoshlarimizning obodlikka qo‘shgan hissalari alohida e’tiborga loyiq. Fursatdan foydalanib, barchani yangilanish ayyomi bilan tabriklayman.
[gallery-11081]
Saylda kurash bo‘yicha viloyat hokimi kubogi ham o‘tkazildi. Unda mahoratli polvonlar o‘z imkoniyatini sinovdan o‘tkazdi. G‘oliblarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Xullas, asosiy bayram bo‘layotgan amfiteatrgacha bo‘lgan hudud atrofi o‘ziga xos tarzda bezatilgan. Har yerda ko‘rgazma, kuy, qo‘shiq avjida. Barchaning qalbi quvonchga to‘lgan. Bunday ko‘tarinki kayfiyat bejiz emas. Viloyatning iqtidorli va havaskor hunarmandlari, qo‘li gul musavvirlari qo‘l mehnati bilan yaralgan buyum hamda asarlari, ijod namunalari ko‘rgazmalarni ko‘rib kishining ko‘zi quvnaydi.
Bayram dasturida yurtimizning totuvligi, xalqimizni inoqlikka, bir-biriga mehr va oqibatli bo‘lishga undovchi badiiy sahna ko‘rinishlari havola qilindi. Xalqlar do‘stligini tarannum etuvchi qo‘shiqlar kuylandi. Ayniqsa, estrada xonandalarining chiqishlari barchaga manzur bo‘ldi.
Tadbir davomida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev viloyat faollari, oqsoqollar, deputatlar, faol yoshlar bilan birga sayldagi har bir nuqtada alohida to‘xtab, aholini Navro‘z bilan tabrikladi.
Shuni alohida ta’kidlash mumkinki, an’anaga muvofiq, ulug‘ ayyom kunlari viloyatda 407 ta ijtimoiy soha ob’ektlari, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalari foydalanishga topshirildi. Shundan 30 ga yaqin mahalla fuqarolar yig‘ini binolari, 11 ta sport ob’ekti, 4 ta umumta’lim maktabi, 7 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari mukammal ta’mirlandi. Umuman olganda, bu kabi sa’y-harakatlar hali yil davomida tizimli ravishda amalga oshiriladi.
Bahoriy tantanalar har bir mahallada davom etyapti.
A.Musayev, D.Ernazarov, O‘zA. (surat)