Toshkent – Tanzaniya: yangi hamkorlik masalalari muhokama qilindi
Toshkent shahar hokimligida poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov hamda Parlamentlararo Ittifoqning 150-assambleyasi doirasida tashrif buyurgan Parlamentlararo ittifoq raisi, Tanzaniya parlamenti a’zosi Tuliya Akson bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida Shavkat Umurzoqov O‘zbekiston xalqaro aloqalarni, jumladan Afrika qit’asi davlatlari bilan munosabatlarni mustahkamlashga katta e’tibor qaratayotganini ta’kidladi.


U davlatimiz rahbari rahnamoligida olib borilayotgan ochiqlik siyosati xalqaro hamkorlikni kengaytirish va shaharlararo sheriklik uchun mustahkam poydevor yaratishga xizmat qilayotganini alohida qayd etdi.
O‘z navbatida, Tuliya Akson O‘zbekistonda ijtimoiy siyosat, shahar infratuzilmasi va fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. Inson qadri va unga g‘amxo‘rlik qilishning noyob namunasi sifatida mahalla institutining ahamiyati alohida ta’kidlandi.


Tomonlar Toshkent va Tanzaniya shaharlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish istiqbollarini, shuningdek, gumanitar, ta’lim, turizm va shaharlarni barqaror rivojlantirish sohalarida hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildi.
Uchrashuv yakunida muloqotni davom ettirish va potensial hamkorlik yo‘nalishlarini ishlab chiqish bo‘yicha kelishib olindi.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA