Toshkent – Boku hamkorligining yangi mintaqaviy formulasi
Bugun poytaxtimizda O‘zbekiston va Ozarbayjon davlat bayroqlarining yonma-yon hilpirashi ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning yangi bosqichini namoyon etmoqda. Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning yurtimizga davlat tashrifi oddiy diplomatik tadbir emas, balki u ikki qardosh o‘lka o‘rtasida so‘nggi yillarda shakllangan strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining izchil institutsionallashib borayotganini ko‘rsatuvchi muhim siyosiy voqeadir.
O‘zA muxbiri mazkur tarixiy tashrifning ahamiyati, O‘zbekiston va Ozarbayjon munosabatlari, hamkorlikning hozirgi bosqichi va istiqbollari xususida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi dotsenti, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori Nuriddin Qalqonov fikrlarini yozib oldi.

– Mamlakatlarimiz munosabatlarining bugungi mazmunini faqat ikki tomonlama diplomatik aloqalar doirasida baholash etarli emas, albatta. Binobarin, ushbu aloqalar Markaziy Osiyo, Kaspiy bo‘yi va Janubiy Kavkazni bog‘lovchi keng geoiqtisodiy makon shakllanishining muhim omillaridan biriga aylanmoqda. Tarixiy Ipak yo‘lining ikki muhim geografik nuqtasi – Markaziy Osiyo va Kavkazning zamonaviy transport, savdo, energetika va investitsiya tarmoqlari orqali qaytadan bir-biriga bog‘lanishi bu jarayonga alohida mazmun bag‘ishlamoqda, deyish mumkin.
Qayd etish kerakki, o‘zbek va ozarbayjon xalqlarini birlashtirib turuvchi ma’naviy-madaniy rishtalar asrlar davomida shakllangan. Ularning umumiy tarixiy xotirasi, turkiy-madaniy ildizlari, adabiy an’analari va ma’naviy qadriyatlari bugungi davlatlararo munosabatlar uchun muhim ijtimoiy asos vazifasini bajarmoqda. Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy kabi buyuk mutafakkirlar ijodida namoyon bo‘lgan mushtarak ma’naviy muhit bu yaqinlikning tarixiy ildizlari chuqur ekanini ko‘rsatadi.
E’tiborlisi, zamonaviy O‘zbekiston – Ozarbayjon munosabatlarining o‘ziga xosligi shundaki, tarixiy-madaniy yaqinlik so‘nggi yillarda aniq siyosiy va iqtisodiy institutlar bilan to‘ldirilmoqda. 2024-yil 23-avgustda Toshkentda O‘zbekiston va Ozarbayjon yetakchilari tomonidan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma imzolanishi ikki davlat munosabatlarini yangi sifat bosqichiga olib chiqdi. Ushbu tashrif doirasida Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishi ham o‘tkazildi.
2025-yil 2-iyulda Bokuda Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishi o‘tkazilib, Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani 2025-2029-yillarda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” qabul qilindi. Shuningdek, 2030-yilgacha o‘zaro savdo hajmini 1 milliard dollarga etkazish dasturi, sanoat kooperatsiyasi dasturi va qator boshqa muhim hujjatlar qabul qilindi. Bu esa ittifoqchilik munosabatlarining deklarativ emas, balki aniq mexanizm va loyihalarga tayanayotganini ko‘rsatadi.
Shu nuqtai nazardan, 2026-yil avgust oyidagi tashrifni mazkur jarayonning navbatdagi bosqichi sifatida baholash mumkin. Ya’ni, ikki davlat munosabatlarida “do‘stlik va qardoshlik” tushunchalaridan “institutsional ittifoqchilik” modeliga o‘tish jarayoni tobora chuqurlashmoqda.
Ikki qardosh yurt hamkorligining muhim xususiyatlaridan biri uning markaziy hukumatlar darajasidagina emas, balki hududlar va shaharlar kesimida ham rivojlanayotganidir. 2024-yilda Toshkent-Boku, Shahrisabz-Beylagan, Jizzax-Guba kabi shaharlar o‘rtasida hamkorlik munosabatlari o‘rnatildi. 2025-yilda esa hududlararo hamkorlik yanada kengayib, Toshkent viloyati-Sumg‘ayit va Navoiy-Gabala o‘rtasida egizak shahar munosabatlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Bu jarayonni oddiy ma’muriy hamkorlik sifatida emas, balki “hududlar diplomatiyasi”ning shakllanishi sifatida baholash mumkin. Chunki hududlararo aloqalar orqali investitsiya, turizm, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va madaniyat sohalarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri munosabatlar uchun yangi kanallar paydo bo‘lmoqda.
Joriy yil 22-avgust kuni Toshkentda o‘tkazilgan O‘zbekiston-Ozarbayjon hududlarining IV forumida 420 ga yaqin kompaniya ishtirok etgani ham ushbu yo‘nalishning amaliy ahamiyati ortib borayotganidan dalolat beradi. Forumda investitsiya va savdo loyihalari portfeli 10 milliard dollardan oshgani qayd etildi. Demak, ittifoqchilikning iqtisodiy poydevori nafaqat poytaxtlar o‘rtasidagi kelishuvlar, balki hududlarning bevosita manfaatdorligi va biznes sub’ektlarining faolligi orqali ham mustahkamlanmoqda.
Ikki davlat munosabatlarining yana bir muhim jihati – ularning insonlar o‘rtasidagi aloqalar bilan boyib borayotganidir. Turizm, madaniyat, ta’lim va gumanitar hamkorlik sohalaridagi aloqalar xalq diplomatiyasining muhim elementlariga aylanmoqda. Ayniqsa, O‘zbekistonning Fuzuliy shahrida zamonaviy maktab barpo etish tashabbusi ikki davlat o‘rtasidagi qardoshlikning ramziy ifodasi sifatida alohida ahamiyatga ega. Mirzo Ulug‘bek nomidagi mazkur maktab qariyb ming nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan bo‘lib, zamonaviy o‘quv xonalari, laboratoriyalar, kompyuter xonalari, sport va madaniy infratuzilma bilan ta’minlangan.
Bunday gumanitar tashabbuslarning ahamiyati iqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan o‘lchanmaydi. Ular xalqlar o‘rtasida o‘zaro ishonch, hurmat va birdamlik tuyg‘ularini mustahkamlaydi. Shu ma’noda, Fuzuliydagi maktabni O‘zbekiston-Ozarbayjon munosabatlaridagi “insoniy diplomatiya”ning yorqin namunasi sifatida baholash mumkin.
O‘zbekiston – Ozarbayjon munosabatlarining geosiyosiy ahamiyatini belgilab beruvchi eng muhim omillardan biri – rasmiy Bokuning Markaziy Osiyo davlatlari bilan mintaqaviy muloqot mexanizmlariga to‘liq integratsiyalashuvidir. 2025-yil 16-noyabrda Toshkentda o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ettinchi Maslahat uchrashuvida Ozarbayjonning ushbu formatda to‘liq ishtirokchi sifatida qabul qilinishi tarixiy qaror bo‘ldi. Rasmiy hujjatlarda Ozarbayjonning to‘liq ishtirokini nazarda tutuvchi alohida qaror qabul qilingan.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev mazkur qarorni Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasida “mustahkam ko‘prik” barpo etishga xizmat qiladigan strategik qadam sifatida baholagan.
Shu nuqtai nazardan, “S5”dan “S6”ga o‘tish iborasi faqat son o‘zgarishini anglatmaydi. U Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazning Kaspiy dengizi orqali yagona strategik makon sifatida shakllanayotganini ifodalaydi. Bu makonda O‘zbekistonning geografik jihatdan qit’a markazida joylashgani, Ozarbayjonning esa Kaspiy va Kavkaz orqali Yevropa bozorlariga chiqish imkoniyati ikki davlatni tabiiy strategik hamkorlarga aylantirmoqda. Shu sababli, O‘zbekiston – Ozarbayjon tandemi nafaqat ikki tomonlama munosabatlar, balki Markaziy Osiyo-Kaspiy-Janubiy Kavkaz-Yevropa o‘rtasidagi yangi iqtisodiy va transport makonini shakllantirish nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ittifoqchilik munosabatlarining barqarorligi ko‘p jihatdan ularning iqtisodiy samaradorligi bilan belgilanadi. Bu borada O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ko‘rsatkichlar so‘nggi yillarda sezilarli o‘sishni namoyon etmoqda.
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning 2026-yil avgust oyida O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga bergan intervyusida qayd etilishicha, 2025-yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2024-yilga nisbatan uch baravardan ortiq oshib, 795 million dollarga etgan. 2026-yil yanvar-may oylarida esa o‘zaro savdo yana 33 foizga o‘sib, 144 million dollarni tashkil etgan. Bu raqamlar ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlar endi an’anaviy tovar ayirboshlash chegarasidan chiqib, ishlab chiqarish kooperatsiyasi va investitsiyaviy sheriklik modeliga o‘tayotganini ko‘rsatadi. 2025-yilda qabul qilingan savdo aylanmasini 2030-yilgacha 1 milliard dollarga yetkazish dasturi ham ana shu maqsadni institutsional jihatdan mustahkamlaydi.
Investitsiya sohasida ham yangi mexanizmlar shakllanmoqda. O‘zbekiston – Ozarbayjon Investitsiya kompaniyasi 500 million dollarlik umumiy kapital bilan ikki mamlakat o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlikni moliyalashtirishning muhim platformasiga aylanmoqda. Shu bilan birga, Ozarbayjon kapitali ishtirokida O‘zbekistonda turizm, mehmonxona, infratuzilma va boshqa sohalarda yirik loyihalar amalga oshirilayotgani, respublikamiz kapitali ishtirokida esa Ozarbayjonda 130 dan ortiq kompaniya faoliyat yuritayotgani iqtisodiy munosabatlarning ikki tomonlama xarakter kasb etayotganidan dalolat beradi.
Ta’kidlash kerakki, mamlakatlarimiz hamkorligining eng katta strategik imkoniyatlaridan biri transport-tranzit sohasida namoyon bo‘lmoqda. 2025-yilda ikki davlat o‘rtasidagi tranzit yuk tashuvlari 6,7 foizga oshib, 1,4 million tonnani tashkil etdi. 2026-yil yanvar-iyun oylarida esa ushbu ko‘rsatkich yana 12,2 foizga o‘sib, 675 ming tonnaga etdi. Bunda Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li, Kaspiy dengizidagi port infratuzilmasi, Ozarbayjon hududi orqali Kavkaz va Yevropa bozorlariga chiqish imkoniyatlari o‘zaro bir-birini to‘ldiruvchi transport zanjirini shakllantirmoqda.
Ayniqsa, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lini “O‘rta koridor” bilan bog‘lash istiqboli Markaziy Osiyo davlatlarining tashqi bozorlarga chiqish geografiyasini diversifikatsiya qilish imkonini beradi. Bu yerda masala faqat yuk tashish tezligi yoki transport xarajatlarida emas. Gap mintaqa davlatlarining tashqi iqtisodiy aloqalarini kengaytirish, tranzit marshrutlarini diversifikatsiya qilish va iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash haqida bormoqda. Shu ma’noda, Toshkent-Boku hamkorligi zamonaviy “Ipak yo‘li”ning ikki muhim nuqtasini – Markaziy Osiyodagi ishlab chiqarish va eksport salohiyatini hamda Kavkazdagi tranzit imkoniyatlarini birlashtiruvchi strategik bo‘g‘inga aylanmoqda.
Ikki davlat hamkorligining eng istiqbolli yo‘nalishlaridan yana biri energetika sohasidir. Bu yerda an’anaviy neft-gaz hamkorligi bilan bir qatorda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish va “yashil” energetika infratuzilmasini barpo etish masalalari tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
2024-yil noyabr oyida Boku shahrida Ozarbayjon, O‘zbekiston va Qozog‘iston energetika sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha strategik kelishuvga erishildi. 2025-yilda esa uch mamlakatning energetika tashkilotlari Bokuda “Green Corridor Alliance” qo‘shma korxonasini tashkil etdi. Uning asosiy maqsadi Ozarbayjon-Markaziy Osiyo “yashil” energetika koridorini rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energiyani eksport qilish va Kaspiy dengizi tubidan elektr uzatish imkoniyatlarini muvofiqlashtirishdan iborat.
Bu loyihaning strategik ahamiyati shundaki, u energetikani oddiy eksport tovaridan mintaqalararo integratsiya vositasiga aylantiradi. Ya’ni, O‘zbekiston va Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan qayta tiklanuvchi energiya Kaspiy orqali Ozarbayjon energetika tizimi bilan bog‘lanishi, keyinchalik Yevropa bozorlariga chiqishi mumkin. Shunday qilib, transport koridorlari bilan bir qatorda “yashil energetika koridori” ham Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi yangi iqtisodiy makonning muhim infratuzilmasiga aylanishi mumkin.
O‘zbekiston-Ozarbayjon iqtisodiy hamkorligining yana bir muhim jihati – ishlab chiqarish kooperatsiyasining kengayib borayotganidir. “SOCAR” va O‘zbekistonning neft-gaz sohasidagi tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlik, jumladan, “Turan Energy AFEZCO” qo‘shma korxonasi faoliyati ikki mamlakatning energetika va neft-kimyo tarmoqlarini bog‘lashga xizmat qilmoqda. Mazkur korxona Ozarbayjonning “Azerkimya” ishlab chiqarish birlashmasida tayyorlangan yuqori bosimli polietilenni O‘zbekistonga eksport qilish bilan shug‘ullanadi.
Avtomobilsozlik sohasidagi hamkorlik ham amaliy natijalarni namoyon etmoqda. 2026-yil 13-iyul holatiga ko‘ra, Ozarbayjonda O‘zbekiston bilan hamkorlik doirasida 10 720 ta “Chevrolet” avtomobili va 275 ta “Isuzu” avtobusi ishlab chiqarilgan. Bu raqamlar kooperatsiyaning oddiy eksport-import munosabatlaridan farqli ravishda ishlab chiqarish zanjirlarini birlashtirish bosqichiga o‘tayotganini ko‘rsatadi.
Aytish lozimki, 2024-yilda imzolangan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy munosabatlarning huquqiy asosini yangi bosqichga ko‘tardi. 2025-yilda esa strategik sheriklikni yanada mustahkamlash to‘g‘risidagi deklaratsiya va Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani 2025-2029-yillarda amalga oshirish “Yo‘l xaritasi” qabul qilinishi munosabatlarning uzoq muddatli siyosiy dasturini belgilab berdi. Ayni paytda ikki davlatning BMT, TDT va boshqa ko‘p tomonlama platformalardagi hamkorligi ham strategik ahamiyat kasb etmoqda.
Bunday o‘zaro qo‘llab-quvvatlash ikki davlatning tashqi siyosatdagi manfaatlari ko‘p jihatdan uyg‘unlashayotganini ko‘rsatadi. Qolaversa, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazda tinchlik, barqarorlik, transport bog‘liqligi va iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish masalalarida Boku va Toshkent pozitsiyalarining yaqinligi mintaqaviy siyosat uchun muhim omildir.
O‘zbekiston – Ozarbayjon ittifoqchiligining geosiyosiy mohiyatini uchta asosiy tushuncha orqali ifodalash mumkin: bog‘liqlik, diversifikatsiya va barqarorlik.
Birinchidan, ikki davlat Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasida transport, energetika, savdo va investitsiya aloqalarini kuchaytirib, yangi mintaqaviy bog‘liqlik arxitekturasini yaratmoqda.
Ikkinchidan, ushbu hamkorlik tashqi iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilishga xizmat qilmoqda. Yangi transport yo‘nalishlari, Kaspiy portlari, “O‘rta koridor” va Yevropa bozorlariga chiqish imkoniyatlari Markaziy Osiyo davlatlari uchun alternativ iqtisodiy kanallarni kengaytirmoqda.
Uchinchidan, iqtisodiy va energetik bog‘liqlikning kuchayishi mintaqaviy barqarorlikka xizmat qiladi. Chunki o‘zaro manfaatdorlik asosida shakllangan infratuzilmaviy loyihalar tinchlik va siyosiy barqarorlikni iqtisodiy rag‘batlar bilan mustahkamlaydi.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston – Ozarbayjon munosabatlarini faqat ikki tomonlama ittifoqchilik sifatida emas, balki Markaziy Osiyo-Kaspiy-Janubiy Kavkaz makonida yangi geosiyosiy va geoiqtisodiy arxitekturani shakllantiruvchi omil sifatida ko‘rib chiqish mumkin.
Bugun O‘zbekiston va Ozarbayjon munosabatlarida tarixiy qardoshlik zamonaviy davlat manfaatlari bilan uyg‘unlashmoqda. Siyosiy ittifoqchilik iqtisodiy hamkorlik bilan, iqtisodiy hamkorlik transport va energetika loyihalari bilan, ular esa xalqlar o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalar bilan to‘ldirilmoqda.
Shu ma’noda, O‘zbekiston – Ozarbayjon ittifoqchiligi – o‘tmishga suyangan, kelajakka yo‘naltirilgan munosabatlar modelidir. Uning mazmuni faqat ikki xalqning qardoshligi bilan cheklanmaydi. U Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazni Kaspiy dengizi orqali bir-biriga yaqinlashtiruvchi, Xitoydan Yevropagacha bo‘lgan transport va savdo yo‘llarini diversifikatsiya qiluvchi, “yashil” energetika uchun yangi imkoniyatlar yaratuvchi va mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlovchi keng geoiqtisodiy jarayonning bir qismiga aylanmoqda.
Ipak yo‘li va Kavkaz tutashgan bu makonda Toshkent va Bokuning strategik sherikligi yangi mazmun kasb etmoqda. Agar mavjud kelishuvlar va yirik infratuzilmaviy loyihalar izchil amalga oshirilsa, O‘zbekiston – Ozarbayjon ittifoqchiligi nafaqat ikki davlat uchun, balki butun Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz uchun barqarorlik, iqtisodiy o‘sish va o‘zaro bog‘liqlikning yangi mintaqaviy modeliga aylanishi shubhasiz.
O‘tkir ALIMOV,
O‘zA