To‘qsonbosti ekinlar – mo‘l hosil garovi
Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanidagi “O‘nbirtol” massivi hududida joylashgan “Hamza Radivon mirishkorlari” fermer xo‘jaligi dala maydonida O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi tashabbusi bilan kuzgi to‘qsonbosti ekinlarini ekish, tomorqalardan samarali foydalanish bo‘yicha ko‘rgazmali seminar tashkil etildi.
Seminarda Kengash raisi Aktam Xaitov, Yangiqo‘rg‘on tumani hokimi Asadulla Najmiddinov yurtimiz aholisini ertangi sabzavot mahsulotlariga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish maqsadida hosildan bo‘shagan maydonlarga sovuqqa chidamli ekinlardan shu kunlarda piyoz, sarimsoqpiyoz hamda noyabr-dekabr oylarida to‘qsonbosti ekinlaridan sabzi, osh lavlagi, ko‘katlardan – kashnich, petrushka, salat, rediska va karam ekib, yetishtirish yaxshi foyda keltirishini ta’kidladi.
Aholining sabzavot mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini to‘la qondirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida 2024 yil hosili uchun hozirdan harakatga kirishish, to‘qsonbosti ekinlarini o‘z vaqtida ekib, agrotexnik tadbirlarni bajarish zarurligi yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi. Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, viloyatning tog‘li va qir adirliklarida joylashgan Yangiqo‘rg‘on tumanida 2024 yil hosili uchun 5 ming 612 gektar barcha toifa xo‘jaliklarida to‘qsonbosti sabzavot ekinlarini ekish ko‘zda tutilgan. Hozirga qadar 991 gektar fermer xo‘jaliklarida, 84 gektar dehqon xo‘jaliklarida hamda 606 gektar aholi xonadonlarida piyoz va sarimsoqpiyoz urug‘lari ekildi.
Mutasaddilar, seminar davomida, shuningdek, “Radivon sitrus mevalari” tomorqa xizmati tomonidan 6 gektar yer maydonida yetishtirilayotgan karamlarni ko‘zdan kechirishdi.
[gallery-13850]
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA