Toqayev muddati tugaguncha hech qanday mukofotni olmaydi
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev davlat rahbari lavozimidagi muddati tugamasdan hech qanday Qozog‘iston yoki xorijiy mamlakat mukofotini qabul qilmaslikka so‘z berdi.
Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Ruslan Jeldibayga tayanib, “Tengrinews” agentligi xabar berdi.
Avvalroq qozog‘istonlik siyosatshunos Erbol Yedilov Rossiya tomoni Toqayevni “Aleksandr Nevskiy” ordeni bilan taqdirlashni taklif qilgani haqida bayonot bergandi.
— Davlat rahbari bu sharaf uchun minnatdorlik bildirdi, — deydi Erbol Yedilov. — Binobarin u prezidentlik muddati tugagunga qadar na ichki, na xorijiy mukofotni olmaslikka qaror qildi.
Darvoqe, yaqinda Bishkekka tashrifi chog‘ida Qozog‘iston rahbari Qirg‘izistonning oliy ordenidan ham bosh tortgan edi.