Toqaev mitinglar o‘tkazish to‘g‘risida yangi qonun ishlab chiqilishini ma’lum qildi
Qozog‘istonda mitinglar o‘tkazish to‘g‘risida yangi qonun ishlab chiqiladi, noqonuniy namoyishlar to‘xtatiladi.
Qozog‘istonda mitinglar o‘tkazish to‘g‘risida yangi qonun ishlab chiqiladi, noqonuniy namoyishlar to‘xtatiladi.
Bu haqda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqaev ma’lum qilgan.
9 iyun kuni Nur-Sulton va Olmaota shaharlarida mamlakat prezidentligi sayloviga qarshi ommaviy noroziliklar bo‘lib o‘tgan edi. Mamlakat IIV ma’lumotlariga ko‘ra, saylov kuni yuzlab kishilar qo‘lga olingan. Norozilik namoyishlarini o‘tkazish chaqirig‘i bilan Qozog‘istonda ekstremistik harakat deb tan olingan “Qozog‘iston demokratik tanlovi” yetakchisi, hozirda Fransiyada yashayotgan Muxtor Ablyazov ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘z tarafdorlariga murojaat qilgan bo‘lib, bundan tashqari u prezidentlik saylovini boykot qilishga ham chaqiradi.
“Nimaiki noqonuniy bo‘lsa, tabiiyki to‘xtatiladi. Bosh prokuratura ko‘chalarda shu tarzda to‘planish noqonuniy ekanligi haqida bir necha marta ogohlantirdi. Vaholanki, ruxsat berilmagan mitinglar, tartibsizliklar - shu xildagi aksiyalarda qatnashishni istamaydigan insonlarga xalaqit beradi. Qonun ishlab chiqiladi. Namoyishga chiqmoqchi, o‘z qarashlarini bildirmoqchi bo‘lganlar tegishli organlarga murojaat qiladi. Ularga to‘planish va o‘z fikrlarini aytish uchun maxsus joy beriladi”, degan Toqaev “Euronews“ga bergan intervyusida.
Ma’lumot o‘rnida, Qozog‘istonda tinch yig‘ilishlar, mitinglar, yurishlar, piketlar o‘tkazish tartiblari bo‘yicha qonun qabul qilingan.