Topshiriqlar ijrosiga kirishildi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 25-26-mart kunlari Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida Uychi tumanidagi mavjud 56 ta mahallani ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish, har bir tomorqadan 60-70 million so‘m daromad olish bo‘yicha ishni tashkil etish vazifasi topshirilgan edi.
Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida bugun Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov Uychi tumanidagi “Agrobank” filialida tadbirkorlik subyektlari vakillari bilan muloqotda bo‘ldi. Uchrashuvda tumanda faoliyat yuritib kelayotgan tadbirkorlar va hunarmandlarning davlatimiz rahbari ilgari surgan tashabbuslarni amalga oshirish borasidagi taklif va mulohazalari tinglandi.


Biznes egalarining oldida turgan ayrim muammolarga ham quloq tutildi. Bank va mutasaddi rahbarlar ishtirokidagi muloqot davomida 31 ta murojaat kelib tushdi. Kredit olish, tikuvchilik korxonasi faoliyatini kengaytirish kabi bir qator masalalar shu joyning o‘zida tegishli mutasaddilarga yo‘naltirilib, belgilangan muddatdan kechiktirmasdan hal qilish topshirildi.
– Kalava ip va yigirma turdagi tayyor kiyim mahsulotlarini ishlab chiqarib kelayotgan korxonamiz 2007-yildan buyon faoliyat ko‘rsatib, xalqimiz farovonligi va aholi bandligiga hissa qo‘shmoqda. Davlatimiz rahbarining Uychi tumanini ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish borasidagi topshirig‘iga asosan yangi ish o‘rinlarini ochish rejalashtirgan, – deydi Uychi tumanidagi mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Mega tekstil” qo‘shma korxonasi rahbari Hasanboy Mamadaliyev. – Buning uchun jamiyatimizni paxta-to‘qimachilik klasteriga aylantirish masalasida viloyat rahbariga murojaat qildik. Masalamiz ijobiy hal etilishi aytildi, bundan minnatdormiz.


Uchrashuv yakunida viloyat hokimi bank mutasaddilariga hududlarda “Mijozbay” ish tashkil qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berib, korxonalar negizida qo‘shimcha ish o‘rinlari ochishni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri