Tomorqachilik ommalashib, daromad manbaiga aylanmoqda
O‘tgan 2024 yilning yanvar oyida davlatimiz rahbari Sirdaryoga tashrifi davomida Sayxunobod tumanining Ittifoq mahallasida bo‘lib, tomorqa va uy xo‘jaliklari bilan tanishish asnosida nafaqat Sirdaryoda, butun respublikamizda "Sayxunobod tajribasi" asosida ishni tashkil etish, yerdan yanada samarali foydalanish, dehqonlar uchun bozor topishga ko‘maklashish, tadbirkorlarni sifatli urug‘ va dori vositalari bilan ta’minlash, tadbirkorlarning eksportiga amaliy yordam berish, yer munosabatlarini shakllantirish kabi muhim islohotlarni ommalashtirish asosida ishni tashkil etish yuzasidan topshiriqlar bergandi.
Ana shu topshiriqlar ijrosi doirasida o‘tgan davr ichida Sayxunobod tumani o‘zgarishlar tomon yuz tutdi. Dastlab tomorqa va uy xo‘jaliklarini rivojlantirish orqali aholining farovonligi oshishiga, aholining ishsizlik va kambag‘allik darajasini kamaytirishga erishildi. Muhimi, tumandagi mavjud 3400 gektar aholi tomorqalarida nafaqat ro‘zg‘or uchun, bozor uchun muhim bo‘lgan ekin turlari ekildi. Buning natijasida ko‘plab oilalar yaxshigina daromadli ham bo‘lishmoqda.

–Davlatimiz rahbarining tumanimizga tashrifidan so‘ng bo‘sh turgan yigirma sotixli tomorqamda issiqxona xo‘jaligini tashkil etib, unda gul yetishtirishni yo‘lga qo‘ydim,–deydi Mustaqillik mahallasida istiqomat qiladigan tomorqachilik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan Shavkat Nuraliyev. – Natija-chi, yomon bo‘lmadi. Olgan daromadim hisobidan bu yil issiqxona xo‘jaligimni 30 sotixga kengaytirdim. Buning ortidan oila a’zolarim ham ishli, ham daromadli bo‘ldi.

Quvonarlisi, "Sayxunobod tajribasi" asosida sayxunobodliklarning tadbirkorlik ko‘nikmasi shakllanib, kichik tadbirkorlik sub’ektlari soni 2024 yilda 130 taga ko‘payib, 394 taga yetdi.
– Yer olib, ekin ekkan bilan hosil mo‘l bo‘lavermaydi,–deydi tuman hokimining birinchi o‘rinbosari G‘ayrat Xoliqberdiyev. – Yaxshi natijaga erishish uchun bilim, tajriba zarur. Hududlarda mahallabay ishlash tizimi, uyma-uy yurish orqali targ‘ibot ishlarini olib borish, mahallalarda “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida ishlarning tizimli yo‘lga qo‘yilishi aholiga qulaylik yaratmoqda. Chunki, bitta mahallaga bir mahsulot urug‘i yoki ko‘chati yetkazib berilishi hisobiga xonadonlar egalarining ham vaqti, ham naqdi tejaladi. Mahsulot pishib yetilganidan keyin ham xaridor topishda muammolar bo‘lmaydi. Bir mahsulotni katta hajmda oluvchi xaridorlar doimo topiladi.

Bugun tomorqachilikda o‘ziga xos maktab yarata olgan sirdaryoliklarning tajribasi “Sayxunobod tajribasi” bilan boyidi. Bu albatta, Prezident tashrifidan keyingi eng katta o‘zgarish. Birgina tomorqachilikda “Sayxunobod tajribasi”ning yo‘lga qo‘yilishi, hudud aholisining bandligini ta’minlashda, daromadi ortishida nihoyatda qo‘l kelmoqda. Chunki, tashrifdan oldin shunday suvli, dehqonchilik uchun qulay imkoniyatga ega Sayxunobod tumanida bu imkoniyatlar to‘liq ishga solinmagandi. Prezident tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan tizim tufayli aholining tomorqadan daromad topishga bo‘lgan intilishi yanada kuchaydi.

–Tomorqachilik ortidan yaxshigina daromad topsa, uy qursa, to‘y qilsa bo‘ladi,–deydi Shodlik mahallasida istiqomat qilayotgan Yoqubjon Ro‘ziyev. – Limonchilik faoliyati bilan shug‘ullanganimga bu yil yetti yil bo‘lib qoldi. Ammo tomorqamda barpo etgan 3 sotixli issiqxona, unga ekilgan yetti yillik limon ko‘chatlarim hisobiga uy qurdik, to‘y qildik. Unga qo‘shimcha tashkil qilingan 3 sotixli yangi limon bog‘imdan o‘tgan yilning dekabr oyida 1,5 tonna limon oldim. Bunday natijaga o‘z-o‘zidan erishilmaydi. Bunga ozgina mehnat, sabr va qunt kerak. Bu borada mendan so‘raganlarga o‘zim bilganimcha, tajribamdan kelib chiqib maslahat beryapman. Ular ham o‘z tomorqalarida issiqxona xo‘jaligini tashkil etib, limon bo‘lmasada, boshqa ekin turlarini ekib kam bo‘lishgani yo‘q.
Sayxunobodda tomorqachilikdan tashqari oilaviy tadbirkorlikning turli shakllari ham keng ommalashib bormoqda. Bu esa aholining daromadi oshishiga, farovonligini ta’minlashga, ishsiz va kamdaromad oilalarning ham ishli, ham daromadli bo‘lishiga xizmat qilyapti.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri