Tomorqachilik hadisini olgan mirishkorlar ko‘paymoqda
Qishloq xo‘jaligiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ekologik toza, arzon va sifatli mahsulotlarni yetishtirishda tomorqa xo‘jaliklarining o‘rni beqiyos.
Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumani Rovatak mahallasida istiqomat qiluvchi Xonposhsha opa Ahmedovani nafaqat mahallada, tumanda ham ko‘pchilik taniydi. Xonposhsha opa uzoq yillardan beri dehqonchilik bilan shug‘ullanib, barchaga o‘rnak bo‘lib keladi.
Ushbu oila tomorqachilikning hadisini olgan. Yiliga 3-4 martalab hosil olinadi. Issiqxonada hozir limon, pomidor, bodring, baqlajon, lavlagi, qulupnay va ko‘katlar ekib parvarish qilinmoqda. Har qarich yerlan unumli foydalanish maqsadida limon ko‘chatlari orasiga qulupnay ekilgan. Shuningdek, issiqxonaga ekilgan poliz mahsulotlari ayni “ilik uzildi” paytida mahalliy bozorlarga yetkazib beriladi.

– Yangi serhosil navlarni ko‘paytirish ishlariga munosib hissa qo‘shayotgan Xonposhsha opa Ahmedova “Namunali tomorqachi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi, – deydi O‘rta Chirchiq tumani Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi rahbari Bobur Ermatov. – Uning bu faolligi hudud aholisi uchun haqiqiy namunadir.
Rovatak mahallasidagi oilalar tomonidan "Bir mahalla – bir mahsulot" tamoyili asosida yetishtirilayotgan mahsulotlar xalqimiz dasturxoni to‘kinligi va mahalliy bozorlarning arzonlashishiga xizmat qilmoqda.
O‘zA