Tomorqa daromad va salomatlik manbai
Koronavirus infeksiyasi ommaviy tarqalib ketmasligi uchun uyda qolish soʻralayotgan shu kunlarda yurtdoshlarimizga oʻrnak boʻlayotgan, tomorqada mehnat qilib, moʻmay daromad olayotgan oilalar barchamizga oʻrnak boʻlishi tabiiy.
Koronavirus infeksiyasi ommaviy tarqalib ketmasligi uchun uyda qolish soʻralayotgan shu kunlarda yurtdoshlarimizga oʻrnak boʻlayotgan, tomorqada mehnat qilib, moʻmay daromad olayotgan oilalar barchamizga oʻrnak boʻlishi tabiiy.Qashqadaryo viloyati Nishon tumanidagi Navbahor mahallasida istiqomat qiluvchi bir qator oilalar xonadoniga kirsangiz, bu yerlarga bahor ancha erta kelganga oʻxshab tuyuladi. Atrofdagi yashillikdan bahri dilingiz ochiladi.
Faxriy oʻqituvchi Zoya momo Otaqulova xonadonida oʻsayotgan anjirlar hosili moʻl. Pakana nok daraxtining oppoq gullari esa koʻngilga huzur beradi.
Xonadon aʼzolari 1,5 sotix yerda issiqxona tashkil qilib pomidor, bodring, bulgʻor qalampiri kabi ekinlarni ekkan. Issiqxonadagi va hovliga ekilgan ertaki kartoshka tomchilatib sugʻoriladi. Zoya momoning oʻgʻli Xudoyberdi akaning aytishicha, ekinlarga eng avvalo mehr kerak. Shunda baravj rivojlanadi.
– Issiqxonada sokin musiqalar ogʻushida mehnat qilamiz. Bu gʻayratimizga chandon gʻayrat qoʻshishdan tashqari, ekinlar rivoji uchun ham koni foyda, – deydi Xudoyberdi aka.
Qora shahzoda, fikus, xitoy atirguli, kanar palmasi, aloe, geran... Zoya momoning yon qoʻshnisi Murod Ivatov xonadonida shu kabi oʻnlab turdagi goʻzal va jozibador gullar yetishtirilmoqda. Uning moʻjazgina gulxonasida bir donasi bozorda 100-150 ming soʻmdan sotiladigan noyob gullar ham serob. Turmush oʻrtogʻi Halima Sherxonova bilan besh yildirki gul yetishttiradi. Har yili minglab gul va gul qalamchalarini parvarishlab, sotuvga chiqaradi. Daromad ham shunga yarasha.
– Yuzga yaqin gul turlarini parvarishlaymiz, – deydi Murod Ivatov. –Har biri alohida parvarish, mehnat talab qiladi. Lekin daromadi chakki emas. Har yili 2,5-3 mingta gulni gultuvakka oʻtqazib sotamiz. Qolaversa, 10-12 mingta gul qalamchalarini bozorga chiqaramiz. Shuning ortidan roʻzgʻorimiz but. Yerga mehr berib mehnat qilgan, izlangan odam, albatta, uning rohati, samarasini koʻradi.
Avaz Rajabov xonadonidagi toʻkin-sochinlikka ham koʻpchilikning havasi keladi. Bunda tomorqadan kelayotgan daromad katta ahamiyatga ega. Avaz bobo bundan 3 yil ilgari pensiyaga chiqqandi. Farzandi Asad bilan kengashib, tomorqaning 3 sotixcha joyida issiqxona barpo etishdi. Issiqxonada pomidor, bodring yetishtirib, har yili uch martadan hosil olishmoqda. Usta dehqonlar tomonidan ilik uzildi payti, deb taʼriflanadigan ayni kezlarda Avaz bobo xonadonida pomidor gʻarq pishgan. Boboning aytishicha, har bir hosildan 15-20 million soʻmdan daromad olishadi.
Mahalladagi Bahodir Xudoynazarov xonadonida parrandachilik yoʻlga qoʻyilgan. 100 bosh tovuqdan bir kunda yoʻq deganda 50-60 ta tuxum bor. Qolaversa, xonadondagi inkubatorga bir martada 1500 tagacha tuxum qoʻyiladi. Joʻjalar 19-21 kunda ochib chiqadi. Xonadon sohibi joʻjalarning bir qismini parvarishlash uchun olib qolib, qolganini pullaydi. Qolaversa, uch oycha ilgari xarid qilgan bir dona quyoni bugun 25 taga yetibdi. Ikki bosh qoʻyning yoniga 6 oyda yana besh bosh qoʻshilibdi.
Turmush oʻrtogʻi Maysara Rahmatova esa tomorqada koʻchatchilik bilan shugʻullanadi. Har yili erta bahorda pomidor, qalampir, bulgʻor qalampiri, baqlajon koʻchatlarini yetishtirib sotadi. Bularning hammasi ularning roʻzgʻoriga baraka boʻlib inadi.
– Kaftdek yerdagi koʻchatlarning oʻzidan 5-6 million soʻm daromad qilamiz, – deydi Maysara Rahmatova. – Karantin paytida barchaga uyda oʻtirib, bir qarich yeringiz boʻlsa ham unga ishlov berib, nimadir ekishni tavsiya qilaman. Tomorqada ishlab ham sogʻlom boʻlasiz, ham daromad topasiz.
Mehnat qilgan oltin terishini Kitob tumanidagi Beshterak mahallasida yashovchi tomorqachilar ham yaxshi anglaydi. Ular tomorqasidan unumli foydalanib, nafaqat oilasiga daromad keltirmoqda, balki bozorlar toʻkinligiga ham munosib hissa qoʻshmoqda.
Joʻra bobo Abdunazarov ana shunday omilkor tomorqachilardan biri. U 14 sotix tomorqasining 3 sotixida issiqxona tashkil etgan. Erta bahorda dastlabki hosil – koʻkatlardan yaxshigina daromad topayapti. Issiqxonada ikkinchi hosil – pomidor, bodring va bulgʻor qalampiri koʻchatlari yetilib qolgan. Oʻtqazilgan limon koʻchatlari ham baravj oʻsmoqda.
U tomorqasining bir qarichini ham boʻsh qoldirmagan. Bir qismiga ertapishar, bir qismiga esa oʻrtapishar kartoshka urugʻi qadagan. Bir tomonda qulupnay, boshqa tomonda esa piyozning qimmatbaho navidan yetishtirmoqda. Boboning aytishicha, pishiqchilik chogʻida uzumlar ishkomga sigʻmay ketadi. Doimiy mehnat bilan mashgʻulligi tufayli sogʻlom, tetik.
– Oʻtgan yili faqat uzumning oʻzidan 10 million soʻmdan ziyod daromad olganmiz, – deydi xonadon sohibi. – Uzumni mayiz qilib sotdim. Boshqa ekinlardan ham foyda chakki emas. Roʻzgʻordan ortganidan har yili 40-50 million daromad olaman. Yerga mehr berib mehnat qilgan, izlangan odam, albatta, uning rohati, samarasini koʻradi.
Uning qoʻshnisi Bolta bobo Husayinov xonadoni kirsangiz bahri dilingiz ochiladi. Sarishta xonadon tomorqasida yoʻq ekinning oʻzi yoʻq. 4 sotixli issiqxonada pomidor, bodring koʻchatlari parvarishlanmoqda. Ularning orasida turli koʻkatlar yetishtirilgan. Issiqxonaga tutash yerda toʻqsonbosti usulida kartoshka yetishtirilmoqda. Oʻrik, olma, yongʻoq, nok, uzum, bodom, anor kabi mevali daraxtlar hovliga yana-da fayz bagʻishlab turibdi. Shuningdek, hovlida qoramol, qoʻy va parranda ham boqiladi. Daromaddan dangʻillama uy qurishgan, orzu-havaslari roʻyobini koʻrishmoqda.
Bobolarning gʻayratidan ularning yana bir qoʻshnisi Davlat Sharipov ham gʻayrat olayapti. U ham tomorqasida ixchamgina issiqxona barpo etgan. Har yili 3-martagacha hosil oladi. Koʻrkam xonadonga ekinlar yana-da zeb bergan.
Bir soʻz bilan aytganda, Navbahorda “Yerni boqsang, yer seni boqadi” degan purmaʼno hikmatning magʻzini chaqqan, bir parcha yerga mehr berolmagan insonning hayotga munosabati ham bundan yaxshiroq boʻlmasligini chuqur anglaydigan odamlar yashaydi.