“Tokio-2020”ning qiyshiq “ko‘zgusi”
Sport sharhlovchisi mulohazasi
Jahon og‘ir va yengil atletikasida o‘z mavqeiga ega bo‘lgan ukrainalik sportchilarning Tokio eshiklari ortida qolishi olimpiya o‘yinlarida medallar orzusi bilan yashayotganlarga qay tarzda “yordam berishi” mumkin?
Og‘ir atletika bo‘yicha Ukraina terma jamoasi a’zolari Aleksey Toroxtiy, Olga Korobka va Natalya Davidova doping tekshiruvdan o‘tolmaganligi natijasida Tokio olimpiadasida ishtirok etishdan mosuvo etilishidan tashqari Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy qarori bilan olimpiya stependiyasidan ham mahrum qilindi, deya xabar tarqatdi “Ukrainskaya pravda” davlat nashri.
Ma’lumki, ushbu uch sportchi 2008 va 2012 yillardagi olimpiya o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lishgan edi. Ularning “Tokio-2020”da qatnashmayotganligi va o‘tgan to‘rt yillik musobaqalaridagi natijalari bekor qilinib, medallari qaytarib olinganligi sababli davlat rahbari mazkur qarorni imzolagan.
Kecha esa ukrainalik yengil atletikachilar Mixail Gavrilyuk, Nazara Kovalenko va Natalya Pirojenko doping natijalari sababli Tokio o‘yinlaridan chetlashtirildi. Shu kungacha 4 ta bronza medaligi ega bo‘lgan Ukraina olimpiyachilari uchun “Tokio-2020” o‘yinlari omadsiz kechayotganligi mamlakat OAVlarida keng muhokama qilinmoqda, qat’iy fikrlar bildirilmoqda. Sportchilarning olimpiya stependiyalaridan mahrum qilinishi ham ayni munosabatlarning mahsuli bo‘ldi, deyish mumkin.
Albatta, bu Ukraina muammosi. Bizga daxli yo‘q maydon. Ammo, jahon og‘ir va yengil atletikasida o‘z mavqeiga ega bo‘lgan ukrainalik sportchilarning Tokio eshiklari ortida qolishi olimpiya o‘yinlarida medallar orzusi bilan yashayotgan boshqalar qatori O‘zbekiston sportchilariga qay tarzda “yordam berishi” yoki ta’sir ko‘rsatishini esa erta- indin o‘tkaziladigan bahslar ko‘rsatadi.
Lekin biz o‘zbekistonliklar uchun boks bahslaridagi “adolat ko‘zgusi”ning qiyshiqligi paytida ukrainlarning doping mojarosi bilan “bosh og‘riq”qa qorishishi yurtimiz yengil va og‘ir atletikachilarining “yelkasiga shamol tegishi”ga yordam berarmikan? Olimpiada poyezdi esa yugurushdan shamoldek yelishga o‘tib olgan pallada umidvorlik qila olish mumkinkinmi o‘zi? Bilmadik, balki Ukraina “tajriba”sini qo‘llash payti kelgandir...
Biroq hali erkin va yunon rum kurashi, boks va og‘ir atletikaning “so‘nggi chiroqchalari” kabi eng oxirgi ilinjlarimiz miltillab turibdiki, zora, chaqmoqlarimiz ulkan gulxanga aylanib, Tokio osmonini Ulug‘bek yulduzlari kabi charog‘on aylasa...
To‘lqin Ro‘ziyev