Tojikiston bilan hamkorlik yanada rivojlanadi
Tojikiston Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi savdo vakili Shahboz Shoyev xizmat safari bilan Namangan viloyatida bo‘ldi.
Tashrif avvalida Tojikiston elchisining maslahatchisi Namangan shahrining Davlatobod tumanida joylashgan "Do‘stlik" uyida bo‘lib, viloyat Tojik milliy madaniy markazi rahbari Sattorjon G‘ofurov bilan amaliy muloqotda bo‘ldi.
Do‘stona muloqot davomida ikki davlat madaniy aloqalarini rivojlantirish istiqbollari haqida so‘z bordi. bugungi kunda Namanganda 300 mingdan ziyod fuqarolar "O‘zbekiston umumiy uyimiz" tamoyili asosida boshqa millat vakillari bilan o‘zaro ahil va totuvlik umrguzaronlik qilmoqda. O‘tgan besh yil davomida tojik milliy madaniy markazining o‘nlab faollari davlatimizning yuksak mukofotlari - orden va medallari bilan taqdirlangan.

Muloqotda markaz bilan o‘zaro hamkorlikni tizimli davom ettirish borasida amaliy ishlarni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.
Mehmon Namangan viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi Ayubxon Bobomirzayev bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Namangandagi mahalliy tadbirkorlar va xorijlik investorlarga yaratilgan shart-sharoitlar xususida batafsil ma’lumotlar berildi. Asosiy e’tibor har ikki davlatda faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlar hamkorligini yo‘lga qo‘yish, buning uchun zamon talabi darajasida sharoit yaratish, amaliy ishlarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratildi.
Viloyatda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishish maqsadida bir qator yangi ishlab chiqarish korxonalaridagi ish jarayonlari bilan tanishildi.
Mehmon Yangi Namangan tumanidagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va quritishga ixtisoslashgan “Afruz-Kamol-Nabi” xususiy korxonasi va Davlatobod tumanidagi "Ideal tekstil Orzu" mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyatini yaqindan o‘rgandi.
Shuningdek, elchi maslahatchisida “Aisha home” xorijiy korxonasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari katta qiziqish uyg‘otdi.
Shu bois, elchixona savdo vakili korxona brendi ostida Tojikistonning Dushanbe shahrida yirik savdo markazi ochish taklifini aytdi.

Navbatdagi manzil viloyat gulchilikni rivojlantirish markazi bo‘ldi. Mehmonlar bu yerda sohani rivojlantirish borasidagi izlanishlar, amaliy ishlar natijasi bilan yaqindan tanishdi.
Gulchilik borasidagi Namangan tajribasini Tojikistonda keng ommalashtirish bo‘yicha qiziqish bildirdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA