Tirik toshlar yoki toshga muhrlangan san’at
«Ming asrlar ichra pinhon...», yoki «Toshga muhrlangan san’at»... Jahonning ko‘plab davlatlaridan topilgan petroglif (qoyatosh surat) larga shu ta’rifni berish mumkin.
Uzoq yillar zamonaviy sivilizatsiya ibtidoiy odamlar tomonidan chizilgan suratlar haqida tasavvurga ega bo‘lmagan.
1879 yilda ispaniyalik havaskor-arxeolog Marselino-Sans de Sautuola o‘zining to‘qqiz yoshli qizchasi bilan Altamira g‘ori atrofida sayr qilib yurar ekan, u yerda ibtidoiy odamlar tomonidan chizilgan suratlarga ko‘zi tushib qoladi. Bu topilma tadqiqotchilarning hayratiga sabab bo‘ldi va shu tariqa qoyatosh suratlarini o‘rganish ishlari boshlab yuborildi. Bir yil o‘tib Marselino-Sans de Sautuola do‘sti Xuan Vilanov-i-Per bilan hamkorlikda o‘zlarning tadqiqotlari natijalarini e’lon qildilar.
Ular g‘ordagi suratlar paleolit davriga oid ekanligini ta’kidladilar. Ammo hamma ham bu tadqiqotlarga ishonmadi, bir qator olimlar «Sautuola topilmani soxtalashtirdi» deya aybladilar. Biroq yillar o‘tib bu kabi suratlar dunyoning ko‘plab mamlakatlarida topilganidan so‘ng qoyatosh suratlarini jiddiy o‘rganishga kirishildi.
Qoyatosh suratlari qadimshunos olimlar uchun muhim ma’lumot manbaidir. Bu suratlar orqali antropologiyadan tortib zoologiya haqida qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘lish mumkin. Qoyatosh suratlari ibtidoiy odamlarning manzilgohlari haqida ma’lumot berishdan tashqari, ularning madaniyati haqida tasavvurga ega bo‘lish imkoniyatini beradi.
Qadimgi odamlarning moddiy va ma’naviy turmush tarzini o‘rganishda petrogliflarning ahamiyati juda katta. Chunki aynan petrogliflar orqaligina ibtidoiy odamlarning madaniyati, turmush tarzi, dunyoqarashi haqida ma’lumotlarga ega bo‘lishimiz mumkin.
Ta’kidlab o‘tilganidek, jahonning ko‘plab mamlakatlarida qoyatosh suratlarini uchratish mumkin. Shulardan biri Ozarbayjoning Qobuston Davlat tarixiy-badiiy qo‘riqxonasidir. Bu — arxeologik qo‘riqxona hududi 537 gektarni tashkil etgan bo‘lib poytaxt Bakudan 60 kilometr janubda joylashgan. 21 asrning baland binolari qad rostlagan, zamonaviy Bakudan chiqqaningizdan so‘ng roppa rosa 40 daqiqa o‘tib, siz ibtidoiy davrga tushib qolasiz. Qobuston yer yuzining sir-sinoatlarga boy manzilgohlardan biridir. Bu yerdagi har bir toshga diqqat bilan razm solsangiz bunga amin bo‘lasiz. Bu toshlarga yurak qo‘ri bilan qarasangiz, u sizga o‘z sirlarini ochadi.
Qobuston yodgorliklarini ikkiga bo‘lib o‘rganish mumkin. Birinchi guruhga qoyatoshlardagi suratlar kirsa, ikkinchi guruhga ibtidoiy odamlarning manzilgohlarini va boshqa ob’ektlar kiradi. Qoyatosh suratlarini, qabrtoshlaridagi yozuvlarni o‘rgangan tadqiqotchilarning fikricha, mazkur hududlarda odamlar tosh asrlardan beri istiqomat qilib keladi. Suratlar uchta tog‘ qoyasidan topilgan. Ibtidoiy odamlar yashagan g‘orlar bu yerlarda paleolit davrida insoniyat mavjudligidan dalolat beradi.
Bu yerdagi qoyatosh suratlari orqali bundan 20 ming yil avval odamlarning turmush tarzi haqida tasavvurga ega bo‘lish imkoniyati mavjud. Qobustonda ayni damda 6000 ga yaqin surat borligi aytiladi. Suratlarda ov sahnalari, urf-odatlar, diniy rasm-rusmlar, qayiqlar, o‘sha davrlarda mazkur mintaqada yashagan turli ayvonlar va boshqa ramzlar tasvirlanadi. Suratlar ibtidoiy odamlarning madaniyati, dunyoqarashi, urf-odatlari va turmush tarzini o‘zida aks ettirgan. Ayni damda bu yerda ochiq osmon ostida muzey tashkil etilgan. Qobuston petrogliflarini insoniyat tarixining ko‘rgazmali quroli sifatida baholash mumkin. To‘g‘ri qoyatosh suratlari sayyohlardan ko‘ra, ko‘proq arxeologlarga qiziqarli. Ammo Qobuston suratlari hech kimni befarq qoldirmaydi. 1966 yilda Qobuston hududlari qo‘riqxona deb e’lon qilindi. Qo‘riqxonaning xalqaro miqyosdagi ahamiyatini inobatga olgan Ozarbayjon hukumati zarur hujjatlarni to‘plab, 2002 yilda YUNESKOga taqdim qildi. 2007 yilda Qobuston qoyatosh suratlari YUNESKOning Jahon madaniy yodgorliklari ro‘yxatiga kiritildi.
Ma’lumotlarga qaraganda, qoyatosh suratlari haqida 19 asrning 40 yillarida ma’lumotlar paydo bo‘lgan. Peterburg Fanlar Akademiyasi arxivlarida bu borada 3-4 hisobot borligi aniqlandi. Angliya neft injenerlari mazkur mintaqaga Oksford universitetining professorini taklif qilganliklari haqida aytiladi. Biroq shuni aytish kerakki, mazkur qo‘riqxonada ilk arxeologik qazishmalar 1930- yillarda boshlandi. Suratlar tasodif tufayli topilgan. O‘tgan asrning 30 yillarida tosh karerida ish olib borilar ekan, ishchilardan birining ko‘zi g‘alati suratlarga tushib qoladi. Shundan so‘ng, bu yerlardan tosh olish ishlari to‘xtatilib, arxeologlar faoliyati boshlandi. 1939-1940 yillarda ozarbayjonlik arxeolog Isxak Jafarzada qo‘riqxonada faoliyat yuritar ekan, 3500ga yaqin qoyatosh suratlari va belgilarni, shuningdek qo‘lda qazilgan chuqurlik va odamlar yashagan g‘orlarni topishga muvaffaq bo‘ldi.
1965 filda Qobuston qoyalaridagi yodgorliklarni o‘rganish maqsadida J.Rustamov va F.Murodova rahbarligida maxsus ilmiy ekspeditsiya tashkil etildi. Ekspeditsiya 20dan ortiq turargohlarni, 40dan ortiq qabrlarni topishga muvaffaq bo‘lib, 300 ga yaqin yangi suratlarni kashf qildi.
Taniqli Norvegiyalik tadqiqotchi va sayyohatchi Tur Xeyerdal Qobustonga ilk bor 1981 yilda, so‘ng uch bor (1994, 1999 va 2000) yillarda tashrif buyurib, bu yerdagi qoyatosh suratlarini o‘rgandi. Tadqiqot yakunlaridan so‘ng Tur Xeyerdal «hamma yo‘llar Rimga eltadi» degan matalga o‘zgartirish kiritar ekan, «hamma yo‘llar Qobustondan boshlanadi» dedi.
Qo‘riqxonaga borishdan avval Qobuston muzeyiga kirib o‘tish kerak. 2011 yilda foydalanishga topshirilgan muzeyga uzoqdan qarasangiz, bir biriga yaqin turgan 3-5 o‘tovni eslatadi. Ichkarisi esa yanada qiziqarli. Bu yerda eng zamonaviy texnologiyalar asosida ibtidoiy davrga sayr qilish imkoniyatiga ega bo‘lasiz. 3-D sizga qadimiy odamlar bilan raqs tushish, ov qilish imkonini beradi.
Qobuston qoyalari nafaqat inson qo‘li bilan yaratilgan suratlar bilan, balki tabiat yodgorliklari bilan ham to‘lib toshgan. Ming yillar davomida bu yerda tabiat zargarlari bo‘lmish – shamol, quyosh, yomg‘ir sanat asarlarini yaratishgan. Shu sababli Qobuston qoyalarini «tirik toshlar» deb atash mumkin. bugungi kunda toshlardagi suratlar galereyasini tomosha qilish uchun dunyoning barcha hududlaridan bu yerga har yili minglab sayyohlar tashrif buyurmoqda. Qobustonni bir bor tomosha qilib qaytgan har bir sayyoh «San’atga shon-sharaf, hayotga shon-sharaf» so‘zlarini aytib qoyatosh suratlari bilan hayrlashsa, ajab emas.
Insoniyat tarixi davomida o‘zidan nimadir qoldirishga harakat qilib kelgan. Bunday qoyatosh suratlari O‘zbekistonimizda ham bor. Shu o‘rinda Navoiy viloyati hududidagi Qoratog‘ning yon bag‘rida joylashgan Sarmishsoy tabiiy arxeologik majmua qo‘riqxonasi haqida qisqacha to‘xtalib o‘tishni lozim topdik. Navoiy viloyatidagi Sarmishsoy petrogliflari eng qadimiy uslublarda ishlangan. Ular yuqori paleolit davridan boshlangan qadimiy davr ovchilik madaniyatiga xos uslubda tasvirlangan.
Sarmishsoy — O‘zbekiston hududidagi eng ko‘p va beqiyos qoya tosh rasmlarini saqlab qolgan vodiydir. 6-7 ming yil avval qoyatoshlarga bitilgan 10 mingdan ortiq petrogliflar manzili Sarmishsoy — ajdodlarimizning yuksak aql-idroki va bunyodkorlik salohiyatini namoyon etuvchi maskan. Bu yerdagi san’at asarlari oradan necha asr o‘tgan bo‘lsada, ohorini yo‘qotmay kelayotgani hayratlanarlidir. Qachonlardir bu daraning bag‘ri odamlar bilan gavjum, hayot qizg‘in o‘tganiga qoya toshlardagi tasvirlar guvohlik beradi. Rasmlarning asosiy qismi soyning o‘rta qismida joylashgan qoya toshlarga urib ishlangan.
Tasvirlar qizil va qora rangli qumtoshlar hamda qoyalarning tik sirtiga, ba’zilari yotiq sirtiga tushirilgan. Tasvirlar o‘zida ibtidoiy jamoa tuzumidan zardushtiylikkacha, olov ixtiro qilinishidan tortib, ovchilik san’ati rivojlanguncha bo‘lgan davr voqea-hodisalarini qamrab olgan. Bular odamlarning ish jarayoni, turli marosimlar, ov manzaralari, qurol-aslahalar, o‘sha davrlarda foydalanilgan kiyim-kechak va taqinchoqlar, kiyik, qulon, jayron, sher, arslon, qoplon, tog‘ echkilari va itlarning xatti-harakatlari orqali mohirona aks ettirilgan. Ularning ba’zilari yomg‘ir yoqqanda ko‘rinsa, ayrimlari quyosh nuri tik tushganda paydo bo‘ladi. Shunday suratlar ham borki, uni ko‘zingiz yorug‘lik qiya tushganda yoki soyada ilg‘aydi. Bu ajdodlarimizning rasm chizishda juda katta mahoratga ega bo‘lganiga yorqin dalildir. Sarmishsoy qoyatosh suratlari ajdodlarimiz nihoyatda usta rassom va zukko bo‘lganligini namoyon etadi. Petrogliflarga oddiy qoyatosh suratlari, deb qarash aslo mumkin emas.
O‘tgan yili O‘zAda “Sarmishsoy darasi talon-toroj qilinmoqda. Nahot bizning davrimizga kelib 7-9 ming yillik tarixga ega noyob qoyatosh rasmlari yo‘qolib ketsa...» deb nomlangan maqola e’lon qilingan edi. Unda minglab yillik insoniyat tarixini o‘z bag‘riga yashirgan Sarmishsoyda chorva mollari o‘tlab yurgani, qoyada aks etgan ba’zi noyob suratlar o‘g‘irlab ketilgani, yog‘ingarchilik tufayli esa qoyatoshlarning ko‘p qismi suv ostida qolib, sinib tushgani, hozirda xarob ahvolga kelib qolgan mazkur maskanni hech kim himoya ham, muhofaza ham qilmayotgani ta’kidlangan edi.
Nahot, biz o‘tmishimiz va kelajagimizga shu qadar e’tiborsiz xalqmiz?!
Tarix — zamonaviy dunyoda — bizga qayerdan kelib, qayerga ketayotganimizga yordam beruvchi yo‘lchi yulduzdir. Jahondagi mashhur qoyatosh suratlari singari O‘zbekistonning Sarmishsoyidagi arxeologik yodgorliklari ham bizga ana shu haqiqatni ko‘rsatadi.
Inson hamisha san’atga intilib kelgan. Buni biz dunyoning bir qator mamlakatlarida, jumladan O‘zbekistonda topilgan qoyatosh suratlaridan ko‘ramiz. Biz yovvoyi deb ataydigan odamlar qadimda san’atni tushungan ekan, nima uchun biz ular yaratgan san’at asarlariga bepisand bo‘lishimiz kerak? Nima uchun bu asarlarning yo‘q bo‘lishiga indamay qarab turishimiz kerak?
O‘z qobig‘imizda o‘ralashib qolmasdan, ko‘zimizni ochaylik. Qadimiy musavvirlarning ijodiga butun dunyoda qiziqish ortayotgan bir paytda biz bu san’at asarlarini yo‘q qilishgacha bormaylik. Xorijlik sayyohlar o‘tmish dunyosiga kirib, uning siru sinoatlarini o‘rganishga urinayotgan bir vaqtda biz ham chetda qarab turmasdan, o‘zimizning milliy boyligimiz bo‘lmish qoyatosh suratlarni dunyoga taqdim qilishimiz kerak.
Sharofiddin To‘laganov, O‘zA