“Tinchlik Kengashi” faqat G‘azo bilan cheklanmaydi
AQSH “Tinchlik Kengashi”ning vakolatlari G‘azo sektoridan tashqariga chiqishini e’lon qildi, deb yozmoqda “Axios” yangiliklar portali.
Ta’kidlanishicha, bu yondashuvdan xavotirda bo‘lgan ba’zi ittifoqchilar Oq uy rahbarining tashabbusini “BMT Xavfsizlik Kengashiga raqobatbardosh yangi tuzilma yaratishga urinish” deb hisoblamoqda. Shu bois, Fransiyadan keyin Buyuk Britaniya, Germaniya, Niderlandiya va Shvetsiya ham “Tinchlik Kengashi”ga qo‘shilmaslikka qaror qilishdi.
“Bloomberg” ma’lumotlariga ko‘ra, bu o‘lkalar taklifni rad etishgan va Davosda bo‘lib o‘tadigan nizomni imzolash marosimida qatnashmaydi.
Ma’lumki, Fransiya ayni taklifni birinchi bo‘lib rad etgan edi. Parij Trampning rejasi BMTga putur yetkazishi va AQSHning Fransiya tashqi siyosatiga ortiqcha ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidladi. Isroil ham rejaga e’tiroz bildirib, “Tinchlik Kengashi”ning G‘azo qo‘mitasi “Isroil bilan muvofiqlashtirilmagan va uning siyosatiga zid”, ayniqsa Qatar va Turkiya vakillarining ishtiroki tufayli, deb da’vo qilmoqda.
Italiya esa vositachilik rolini o‘ynashga tayyorligini bildirib, ushbu tashabbusda o‘z yordamini taklif qilgan.
S.Rahimov, O‘zA