Tilshunoslik: muammo va yechim
Andijon davlat universitetida “Nutq madaniyati va oʻzbek tilshunosligining dolzarb muammolari” mavzusidagi xalqaro onlayn ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi.
Andijon davlat universitetida “Nutq madaniyati va oʻzbek tilshunosligining dolzarb muammolari” mavzusidagi xalqaro onlayn ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Andijon davlat universiteti hamkorligida oʻtkazilgan mazkur onlayn anjumanda mamlakatimizdagi oliy oʻquv yurtlarining tilshunos olimlari, tadqiqotchilari, sohaning yosh mutaxassislari ishtirok etib, oʻzbek tili fonetikasi va fonologiyasi, leksikologiyasi, grammatikasining dolzarb muammolari hamda tilshunoslikning anʼanaviy va zamonaviy yoʻnalishlari, lingvistik kompetensiyani shakllantirish masalalari, lingvo madaniyat va lingvo maʼnaviyatshunoslik, psixolingvistika borasida erishilgan natijalar, ilmiy muammolar hamda ularni hal qilish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Anjumanda ishtirokchilarning mavzu doirasidagi onlayn maʼruzalari tinglandi. Shuningdek, mazkur yoʻnalishdagi ishlarni yana-da yuqori bosqichga koʻtarish, olib borilayotgan tadqiqot ishlari samaradorligini oshirish, oʻzaro tajriba almashish, hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
– Nutq madaniyati va tilshunoslikka oid muammolar tilimiz taraqqiyotiga maʼlum darajada salbiy taʼsir koʻrsatadi, – deydi Andijon davlat universiteti professori Dilora Nabiyeva. – Karantin sharoitida onlayn tarzda oʻtkazilgan mazkur anjumanda nutqimiz va tilimiz bilan bogʻliq muammolar, ularni bartaraf etish xususida fikrlashib oldik. Eng asosiysi, anjuman tilshunoslar uchun mavzu doirasida oʻzaro tajriba almashish imkonini berdi va barcha uchun birdek foydali boʻldi.
Anjumanda, shuningdek, Qirgʻiziston va tojikistonlik tilshunos olimlar ham ishtirok etdi.