Tilimiz nufuzini oshirish barchamizning burchimiz
Til oʻzaro muomala, aloqa vositasi, tafakkur quroli.
M u n o s a b a t
Til oʻzaro muomala, aloqa vositasi, tafakkur quroli. Dunyo xalqlari uchun oʻz ona tili bebaho qadriyat, millat gʻururi. Til millatning ongi va xotirasi, ruhiyati, maʼnaviy-madaniy qiyofasi, milliy qadriyatlari, oʻtmishi, tashqi olamga munosabatining inʼikosi hamdir.
Tilning millat, davlat, jamiyat taraqqiyotidagi oʻrni juda muhim, oʻta zaruriy va dolzarb. Zero, bu tushunchalar oʻzaro dialektik bogʻliq va aloqador. Millat, davlat, jamiyat taraqqiy etar ekan, uning ona tiliga boʻlgan eʼtibori va mehri kuchaya boradi. Ijtimoiy hayotdagi taraqqiyot tildagi taraqqiyotni belgilab beradi.
Asrlar qaʼridan buyuk meroslarimizda sayqallangan, jilolangan uch ming yillik milliy davlatchilik tarixiga egamiz. Mahmud Qoshgʻariyning “Devonu lugʻati turk” hamda Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig” asarlarida keltirilgan turkiy adabiyot namunalari bizda qogʻozda muhrlangan kamida ming yillik soʻz sanʼati borligini isbotlaydi.
Tarixga nazar solsak, XV asrda temuriy Husayn Boyqaro turkiy tilda adabiy asarlar yozish gʻoyasini ilgari surdi. Turkiyzabon shoirlarga bu borada ogʻzaki topshiriqlar berdi. Oʻzi ham oʻzbekcha devon tuzgan. Buyuk mutafakkir, gʻazal mulkining sultoni Alisher Navoiy oʻz asarlarida tilimizning naqadar boyligini oʻz qochirimlari, qofiyalarida koʻrsatib berdi. Maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning “Har bir millatning dunyoda borligʻini koʻrsatadurgʻon oynai hayoti til va adabiyotidir”, degan soʻzlari ham tilga boʻlgan eʼtiborning namunasidir.
Mustaqillik yillarida oʻzbek tilining huquqiy asoslari mustahkamlanib, qoʻllanish doirasi nihoyatda kengaydi. Bu davrda oʻzbek tili ijtimoiy hayotning barcha sohasiga erkin kirib bordi. Bugungi kunda milliy tilimiz siyosiy, madaniy, iqtisodiy sohalarda, ilm-fan, sport, harbiy tizimda keng qoʻllanilmoqda. Ayniqsa, ilmiy, ilmiy-ommabop, badiiy asarlarni oʻzbek tilida, yangi alifboda chop etish va keng targʻib qilish siyosati ona tilimizga boʻlgan hurmatni yana-da yuksaltirdi.
Prezidentimizning oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining oʻttiz yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida alohida taʼkidlaganidek, oʻzbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini tubdan oshirish, unib-oʻsib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarga sadoqat, ulugʻ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini toʻlaqonli joriy etishni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Joriy yilning 10-aprel kuni Prezidentimiz Oʻzbek tili kuni bayramini belgilash toʻgʻrisidagi qonunni tasdiqlab, imzo chekdi. Mazkur qonun ona tilimizning mavqeini yana-da oshirishga mustahkam poydevor boʻladi. Qolaversa, davlat tilining hayotimizdagi oʻrni va nufuzi ortishi hamda xorijiy mamlakatlarda tilimizga eʼtibor va uni oʻrganishga boʻlgan qiziqish kuchayishiga xizmat qiladi.
21-oktyabrda oʻzbek tili bayramining nishonlanishi, eng avvalo, shu zaminda istiqomat qilayotgan millionlab yurtdoshlarimiz hamda dunyoning turli hududlaridagi tildoshlarimizga gʻurur va iftixor bagʻishlaydi.
Ushbu qonun har birimizning oldimizga davlat tili sofligini saqlash, uni boyitib borish va aholining nutq madaniyatini oshirish, oʻzbek tilining axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, xususan internet jahon axborot tarmogʻida munosib oʻrin egallashini taʼminlash kabi vazifalarni qoʻymoqda.
Shu nuqtayi nazardan biz oʻqituvchilar davlat tili sofligini saqlash, oʻzbek tilining nufuzini yana-da oshirish, uni oʻrganishga boʻlgan qiziqishni kuchaytirishga oʻz hissamizni qoʻshishimiz talab etiladi.
Nigora BOʻRONOVA,
Buxoro viloyati Shofirkon tumanidagi
15-umumtaʼlim maktabining
Ona tili va adabiyoti fani oʻqituvchisi.