Til va adabiyot ta’limi fidoyisi
Alisher Navoiyning “Tilga ixtiyorsiz – elga e’tiborsiz” degan hikmatida olam-olam ma’no bor. Har bir millat o‘zligining ramzi tilidir. Til yashasa, millat ham barhayot bo‘ladi.
Bugungi kunda o‘zbek tilini nufuzini oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, uni o‘qitish tizimi yanada takomillashib, bu borada yangi tadqiqotlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizda til va adabiyot ta’limi o‘zining shonli tarixiga ega. O‘zbek filologiyasi nazariyasi va uning o‘qitilishiga katta xizmat ko‘rsatgan olimlardan biri filologiya fanlari doktori, professor Inomjon Rasulovdir.
Inomjon Rasulov 1925 yilning 9 may kuni Qo‘qon shahrida tug‘ildi. 1942-1946 yillarda Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika institutida sirtdan bilim olishni tugallagach, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Til va adabiyot instituti aspiranturasiga o‘qishga kirdi va 1951 yilda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.
Inomjon Rasulovning ilmiy-pedagogik faoliyati Qo‘qon pedagogik instituti bilan bog‘liq. U bu institutda o‘qituvchi, dotsent, professor lavozimlarida, kafedra mudiri, prorektor va rektor vazifalarini bajardi. Qo‘qon pedagogika institutiga 17 yil davomida rektorlik qildi va juda katta tashkiliy, o‘quv, ilmiy-pedagogik, tarbiyaviy ishlarni amalga oshirdi.
I.Rasulov o‘z ilmiy faoliyatida o‘zbek tilining leksikologiya, grammatika, orfografiya va punktuatsiya masalalari bilan qiziqdi. U 1951 yilda o‘zbek tilining urush davri (1941-1945) leksikasiga oid dissertatsiyani himoya qildi. Unda lug‘at boyligining oshish yo‘llari, so‘zlarning nomintiv, semantik-struktur, stilistik xususiyatlariga oid nazariy fikrlarni ilgari surdi. I. Rasulov 1975 yilda o‘zbek tilining bir bosh bo‘lakli gaplariga bag‘ishlangan doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Unda bir bosh bo‘lakli gaplarning tasnif asoslari, ichki tasnifi, har bir turning logik-grammatik, lisoniy, kommunikativ (nutqiy), stilistik xususiyatlari atroflicha va chuqur ochib berildi. Olim bir bosh bo‘lakli gaplar asosida gapning personallik, modallik, predikativlik kabi xususiyatlar haqidagi tushunchalarimizni yanada boyitdi.
I.Rasulov o‘zbek tilining oliy ta’limi sifatini oshirish yo‘lida katta xizmatlar qildi. Uning pedagogika institutlarining pedagogika va boshlang‘ich ta’lim fakultetlari uchun yozgan “O‘zbek tili” darsligi ko‘p marta (1962, 1966, 1977, 1979) nashr etildi. U “O‘zbek tilining praktik stilistikasi” (1965 1971, 1978), “Hozirgi o‘zbek adabiy tili (Toshkent, 1980) kabi nufuzli oliy ta’lim darsliklari yozilishida hamkor muallif sifatida qatnashdi. Inomjon Rasulov o‘zbek tilining oliy o‘quv yurtlarida o‘qitilish masalalariga, bu fanning mazmun-mundarijasining belgilanishiga katta e’tibor berdi. Shu bois uning tomonidan “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” kursining dasturlari (1962, 1968, 1975, 1978 – so‘nggi ikki nashrda hamkor muallif M.Asqarova) yaratildi. I. Rasulov ona tili o‘qituvchilariga o‘quvchilar savodxonligini oshirish bo‘yicha ilmiy-uslubiy yordamlar ko‘rsatib kelgan. Xususan, uning 4-8 sinflar uchun yaratgan “Diktantlar to‘plami” qo‘llanmasi 1959, 1962, 1966, 1975, 1979 yillarda nashr etilgan va hozirgi davrda ham ushbu qo‘llanma qimmatli manba hisoblanadi. Ushbu ishda diktant va uning turlari haqida lo‘nda ma’lumotlar berilgan hamda diktant matnlari imlo asoslari va qoidalari bo‘yicha o‘rinli joylashtirilgan, matnlarning lisoniy-nutqiy va ma’naviy-tarbiyaviy jihatlariga katta ahamiyat berilgan.
Inomjon Rasulov o‘z faoliyati davomida ona tili va adabiyoti o‘qituvchilari bilan uzluksiz munosabatda bo‘lgan va ularning ilmiy-uslubiy saviyalarini oshirishga harakat qilgan.
Inson xotirasi muqaddas. Olim bugungi kunda oramizda yo‘q bo‘lsada, uning ilmiy merosi o‘zbek tili va adabiyotini rivojlantirish, ilmiy tadqiqot ishlarini bajarishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Shu sulola vakili ekanimdan faxrlanaman.
Azizaxon Rasulova,
Farg‘ona davlat universiteti o‘qituvchisi,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)