Til, shubhasiz – bebaho xazina
Maʼlumki, tilimizga hurmat, eʼtibor koʻrsatish bosh qomusimizda aniq qilib belgilab berilgan.
Oʻzbek tili haqidagi qonun qabul qilinganiga 30 yil boʻldi. Maʼlumki, tilimizga hurmat, eʼtibor koʻrsatish bosh qomusimizda aniq qilib belgilab berilgan.
Afsuski, ona tilimiz uzoq yillar davomida faqat qogʻozdagina davlatimizning milliy ramzi boʻlib keldi. Hali hanuz kattaroq yoshdagi vatandoshlarimiz 1989-yil 21-oktyabrda oʻzbek tiliga davlat tili maqomini berilishi chinakam bayramga aylanganini oʻzgacha bir zavq bilan eslashadi.
Soʻngi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida islohotlarda ona tilimizga hurmat, uni rivojlantirish, davlat idoralarida aynan ona tilida ish yuritish bilan bogʻliq jiddiy masala koʻpchilikni quvontirdi.
Oʻzbek tilini oʻrganish, uni chuqur tadqiq etish borasida olib borilayotgan ilmiy ishlar, yozilayotgan darslik va oʻquv qoʻllanmalari, lugʻatlar bunga yorqin misoldir.
Shuni alohida qayd etish kerakki, bu borada olib borilayotgan samarali ishlar natijasida davlat tashkilotlari ham toʻla davlat tilida ish yuritishiga erishilmoqda.
Xususan, “Oʻzstandart” agentligining Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha Bosh direktor maslahatchisi Azamat PARDAYEV tashkilot faoliyati doirasida davlat tilida ish yuritishning qonun-qoidalariga rioya etilishi borasida olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida quyidagilarni soʻzlab berdi.
“Xabaringiz bor, Prezidentimiz tomonidan 2019-yil 21-oktyabrda ”Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“ gi Farmoni eʼlon qilindi. Unga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida ”Davlat tilini rivojlantirish departamenti“ tashkil etildi va uning aniq vazifalari belgilab berildi.
Ushbu departamentning muhim vazifasi, taʼbir joiz boʻlsa, eng muhimi, davlat organlari va tashkilotlari, jumladan, mahalliy hokimiyat organlarining davlat tilida ish yuritishi, davlat idoralarida davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga qatʼiy rioya etilishi ustidan nazorat olib borishini monitoring qilishidir.
Shuningdek, mamlakatimiz ijtimoiy hayotining barcha sohalarida, jumladan, davlat boshqaruvi, zamonaviy va innovatsion texnologiyalar, sanoat, bank-moliya tizimi, huquqshunoslik, diplomatiya, harbiy ish, tibbiyot va boshqa sohalarda davlat tilining imkoniyatlaridan toʻliq va toʻgʻri foydalanish mexanizmlarini ishlab chiqish va hayotga tatbiq etishni nazorat qilish mazkur departament zimmasiga yuklatildi. ”Davlat tili haqida"gi Qonunning 9-moddasiga koʻra davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida ish davlat tilida yuritiladi va zaruriyatga qarab boshqa tillarga tarjima qilinadi. Shu bilan birga, ushbu qonunning 10-moddasiga koʻra, korxona, muassasa, tashkilot va jamoat birlashmalarida ish yuritish davlat tilida, ishlovchilarining koʻpchiligi oʻzbek tilini bilmaydigan jamoalarda esa, davlat tili bilan bir qatorda boshqa tillarda ham amalga oshirilishi mumkinligi koʻrsatib oʻtilgan.
Xususan, “Oʻzstandart” agentligi tizimida ham maʼnaviy va maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, xalqimizning madaniy, ilmiy-maʼrifiy salohiyatini oʻzida aks ettirgan davlat tilini rivojlantirish, uning imkoniyatlaridan toʻliq va toʻgʻri foydalanish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash yoʻlida amaliy ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-yanvardagi “Mamlakatda davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori asosida “Oʻzstandart” agentligi tomonidan tasdiqlangan funksional vazifalar asosida ish faoliyati tashkil qilinib, agentlikning tegishli boshqarmalari va tizim tashkilotlari bilan berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar ish rejasi ishlab chiqilgan.
Rejaga koʻra, agentlik va uning quyi tizim tashkilotlarida maʼnaviy – maʼrifiy sohani, xususan, davlat tilini rivojlantirishga oid ishlarni samarali tashkil etish uchun maxsus ekspert guruhi faoliyat olib bormoqda. Agentlikka qarashli barcha tashqi yozuvlar, lavhalar, eʼlonlar, reklama va boshqa koʻrgazmali axborot - reklama matnlari davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq boʻlishi taʼminlangan. Agentlikning barcha tizim tashkilotlari faoliyat koʻrsatayotgan binolardagi tashqi yozuvlar, lavhalar, axborot matnlari va boshqa materiallarning davlat tilida boʻlishi taʼminlangan.
Shuningdek, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish hamda davlat tilini rivojlantirishga oid qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish yuzasidan “Standartlashtirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining yangi tahrirdagi loyihasi davlat tilida ishlab chiqildi.
“Oʻzstandart” agentligi tizimidagi barcha muassasalar, jumladan, “Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasidagi qonunchilik talablariga rioya qilinishini taʼminlash departamenti”da ham texnik reglamentlar, standartlashtirishga doir normativ hujjatlar, shuningdek, ish yuritishda davlat tili qoidalariga toʻliq amal qilish yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.
Shuningdek, “Oʻzstandart” agentligi ekspert guruhi “Oʻzbekiston Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi huzuridagi Akkreditatsiya markazi” DUK, “Shtrixli kodlash va axborot texnologiyalari markazi, “Oʻzbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” DK (“UzTest” DK)larida ham ommaviy axborot vositalaridagi barcha faoliyatga doir targʻibot ishlari faqat davlat tili, yaʼni oʻzbek tili qonun-qoidalariga toʻliq amal qilgan holda olib borilishi belgilab berildi.
Ekspert guruhi, agentlik va tizim tashkilotlarida davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish borasidagi ishlarni tanqidiy oʻrganish boʻyicha asosiy yoʻnalishlarni belgilab oldi.
Oʻrganishlar shuni koʻrsatmoqdaki, tizim tashkilotlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni sezilarli kuchaytirish talab etiladi. Hududiy boʻlinmalar tomonidan davlat tilida ish yuritishni tashkil etish borasida kamchiliklar mavjud. Laboratoriyalarda oʻtkaziladigan sinov bayonnomalari davlat tilida rasmiylashtirilishi yoʻlga qoʻyildi.
“Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti” Davlat korxonasi va uning bir qator filiallarida muvofiqlik, qiyoslash va metrologik attestatsiya sertifikatlari toʻliq davlat tilida rasmiylashtirilishi taʼminlandi. Xususan Samarqand, Namangan, Fargʻona, Qoʻqon filiallarida mavzu doirasida amalga oshirilgan ishlarni talab darajasida deyish mumkin.
Davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga soʻzsiz rioya etilishini taʼminlash boʻyicha jamoatchilik nazoratining samarali shakllarini joriy etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish va ularning amalga oshirilishida ishtirok etish uchun ekspert guruhi tarkibiga agentlikning xodimlari, kasaba uyushma tashkiloti vakillari, faol yoshlar kiritilgan boʻlib, guruh faoliyati asosiy yoʻnalishlar doirasida ishlab chiqilgan savolnoma asosida olib borilmoqda.
Karantin davrida olib borilayotgan ishlarni oʻrganish videokonferensiya aloqa vositasi yordamida tashkil etilib, viloyatlarda faoliyat koʻrsatayotgan agentlikning hududiy boʻlinmalari tomonidan davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi masalalari doimiy oʻrganib borilmoqda"