Til millatning borligi, birligi ifodasidir
Inson Vatan tushunchasini ilk bor ona tilida anglaydi, qalbiga tinchlik va xotirjamlik bagʻishlovchi allani ana shu tilda eshitadi. Shuning uchun boʻlsa kerak, til, millat, Vatan tushunchalari doimo yonma-yon.
21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
Aslida ham til millatning madaniyati va maʼnaviyati, qadim tarixi hamda oʻsha millatga xos urf-odatlar majmuini yaqqol ifodalaydi. Til tirik boʻlsa, millat yashaydi.
Oʻzbek tilining tarixi xalqimizning koʻp asrlik kechmishi, orzu-intilishlari, dardu armonlari, gʻalabalari bilan chambarchas bogʻliqdir. Ajdodlarimiz aynan ona tilimiz orqali jahonga oʻz soʻzini aytib kelgan. Shu tilda buyuk ilmiy kashfiyotlar, badiiy durdonalar yaratgan.
Oʻzbek tilining necha ming yillik tarixga ega ekanligini bilish uchun Mahmud Qoshgʻariy, Yusuf Xos Hojib asarlarini oʻqish lozim. Ana shundagina betakror tilimiz eng koʻhna tillardan biri ekaniga amin boʻlasiz. Hazrat Navoiy esa “Tilga eʼtibor – elga eʼtibor” iborasi bilan bizni ona tilimizdan faxrlanishga, gʻururlanishga undadi, ana shu tilda “Xamsa”ni bitib, uni yuksaklarga koʻtardi. Zamondosh tilshunoslarimizdan biri: “Navoiy ijodi tilimizni oʻrganish uchun cheksiz ummondir”, degan edi. Alisher Navoiyning ulugʻ maqsadi turkiy tilning ifoda imkoniyatlarini va uning badiiy xususiyatlarini dunyoga koʻrsatishdan iborat boʻlgan. Ulugʻ ajdodimizning asarlarini oʻqiganimizda oʻzbek tilining ildizi qanchalik chuqur ekanligi, bu tilning imkoniyatlari naqadar kengligini anglaymiz.
Navoiydan keyin tilimizni mumtoz adabiy tillar darajasiga koʻtarishni Zahiriddin Muhammad Bobur oʻz zimmasiga oldi. Shoh va shoir Bobur Mirzo turkiy tilning boy ohang va tovushlarini toʻliq ifoda etishga imkon beradigan yangi alifbo yaratish zarurligini anglagan holda “Xatti Boburiy”ni yaratdi. Boborahim Mashrab, Muhammad Rizo Ogahiy, Muqimiy, Furqat, Choʻlpon, Fitrat, Abdulla Qodiriy, Gʻafur Gʻulom, Abdulla Kahhor, Oybek, Oʻlmas Umarbekov, Oʻtkir Hoshimov, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Rauf Parpi kabi bir qator oʻzbek adabiyotining namoyandalari oʻz ijodi ila tilimiz va millatimiz mavqeini koʻklarga koʻtardi.
Til – millatning eng birinchi belgisi. Uning ravnaqi shu xalq ravnaqi bilan chambarchas bogʻliq. Til, avvalo, milliy mustaqillik shahodatnomasi. Bosh qomusimizda ham davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qoʻyildi. Shu tariqa oʻzbek tili qonun yoʻli bilan himoya qilinadigan muqaddas timsollardan biriga aylandi. Davlat tili hakidagi qonunning qabul kilinishi esa tilimizning jamiyatdagi mavqeini yana-da yuksaltirdi.
Prezidentimizning 2019-yil 21-oktyabrdagi “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida ona tilimizning mavqeini yana-da oshirish boʻyicha muhim vazifalar belgilab berildi. Farmonda davlat tilini rivojlantirish borasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash, davlat tilini rivojlantirish boʻyicha dastur va “Yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqish, “Oʻzbek tili bayrami kuni”ni nishonlash boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirish, ilmiy asoslangan yangi soʻz va atamalarni muomalaga kiritish kabi bir qancha vazifalarni amalga oshirish belgilandi. Bu hujjat yurtimizda tilimiz rivoji, uni saqlash va rivojlantirish yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Va, guvohi boʻlib turganimizdek, mamlakatimizda ushbu hujjatda koʻzda tutilgan vazifalarni amalga tatbiq etish borasida sezilarli ishlar olib borilyapti.
Maʼlumotlarga koʻra, dunyoda 50 milliondan ziyod aholi oʻzbek tilida soʻzlashadi. Bu ona tilimizning dunyodagi yirik tillardan biri ekanidan dalolat.
Bugungi kunda ona tilimiz siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy jabhalarda faol qoʻllanilib, jahon minbarlarida baralla yangramoqda. Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida oʻzbek tilida nutq soʻzlashi esa tilimizning jahon miqyosidagi nufuzini yana bir bor mustahkamladi.
Feruza QURBONOVA,
“Uzbekistan airways” aksiyadorlik jamiyati
boshqaruvi raisining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar
samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi
qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash
masalalari boʻyicha maslahatchisi.