Tibbiyotdagi islohotlar inson qadri uchun
Keyingi yillarda mamlakatimizda tibbiyot sohasini isloh qilish borasidagi sa’y-harakatlar yanada jadallashdi. Sog‘liqni saqlash tizimining qaysi bir yo‘nalishiga qaramang, faoliyat samaradorligini oshirish ustuvor vazifaga aylanganligini ko‘rasiz. Ayniqsa, birlamchi tizim xizmatini zamon talablari asosida takaomillashtirishga urg‘u berilmoqda.
Endilikda eng olis hududlarda ham aholiga sifatli va malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari yaratilgan. Bugungi kunda Namangan viloyatida 185 ta oilaviy poliklinika va oila shifokorlik punkti, 184 ta mahalla tibbiyot punkti faoliyat olib bormoqda. 2023 yilning o‘zida yana 30 ta mana shunday shifo maskanlari ochilganligi fikrimiz dalilidir.

Tibbiyotning kelajagi profilaktikadir. Zero, kasalliklarni davolashdan ko‘ra, ularning oldini olish g‘oyat muhim. Shuning uchun ham aholining barcha qatlamlarini maqsadli tibbiy ko‘rikka jalb qilish masalasi muhim vazifa sanalmoqda. Joriy yil boshidan buyon turli sohalar vakillarini hamda keksalardan boshlab to yoshlargacha profilaktik tibbiy ko‘riklardan o‘tkazishga alohida ahamiyat qaratildi. Salkam 700 mingdan ziyod fuqaroning salomatligi hududlarning o‘zida skrining tekshiruvidan o‘tkazildi. 4 ming nafarga yaqin kishida endokrinologik, salkam 10 ming nafar hamyurtimizda yurak-qon tomir kasalliklari erta bosqichlarda aniqlanib, sifatli davolash choralari ko‘rildi.

Onkologik xastaliklarni barvaqt qayd etish va samarali davolash ham alohida e’tiborga molikdir. Bu yo‘nalishdagi skrininglar yanada ijobiy natija bermoqda. Shu yilning o‘zida 500 ming nafardan ziyod ayol bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratoni bo‘yicha skriningga jalb etildi. Natijada yuz nafarga yaqin opa-singillarimizda mazkur kasalliklarning belgilari dastlabki bosqichda aniqlanib, kechiktirmasdan davolash choralari ko‘rildi. Bu shunchaki statistika emas. Boshqachasiga aytganda, shuncha ayolning hayoti uzaytirilishiga erishildi.

Sog‘liqni saqlashni tashkil etishning yangicha uslublarini amaliyotga tatbiq qilish ham diqqatimiz markazida. Viloyatda tanlab olingan Uychi tumani oilaviy poliklinikalar va oilaviy shifokorlik punktlarida ish olib borayotgan tibbiyot xodimlari mehnat samaradorligini reyting tizimida baholash yo‘lga qo‘yildi. Birlamchi natijalarga ko‘ra, 856 nafar salomatlik posbonining ishi mazkur tizimda baholandi. Yuqori ball to‘plagan xodimlar munosib rag‘batlantirildi.

Kelajagimiz vorislarining sog‘lom va barkamol voyaga yetishini ta’minlashga qaratilgan ishlarimiz ko‘lami ham ortmoqda. Binobarin, Namangan shahri, Mingbuloq, Pop, Chust, Norin, Namangan, Chortoq, Kosonsoy, Yangiqo‘rg‘on va Davlatobod tumanlari ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida bolalar bo‘limlari ochildi. Ularda xizmat qilayotgan malakali mutaxassislar ertamiz egalarining salomatligini muhofazalashga safarbar etilgan. Turli kasalliklarga qarshi emlash o‘z vaqtida olib borilyapti va zarur dori pereparatlari bilan muntazam ta’minlash yo‘lga qo‘yilgan.

Tibbiyot sohasi jadal rivojlanishda. Yangidan-yangi davolash standartlari, yuqori texnologik amaliyotlar tizimda jadal qo‘llanilmoqda. Namanganlik shifokorlar ham zamon bilan hamqadamdirlar. Bugunga kelib, ilgari xorijda yoki poytaxtimizdagi klinikalarda olib borilgan amaliyotlarni endilikda Namanganda ham joriy etish ustuvor vazifamizga aylangan. Taqqoslash uchun raqamlarga murojaat qilsak. O‘n oy davomida viloyatdagi ixtisoslashgan tibbiyot markazlarida salkam 10 mingga yaqin jarrohlik amaliyoti olib borilgan bo‘lsa, shularning uchdan bir qismi yuqori texnologiyalar asosida bajarilgan. Laparoskopik, toraskopik, endovaskulyar va boshqa turdagi jarrohlik jarayonlari ana shular jumlasidan.

Albatta, tibbiyot sohasini yanada rivojlantirishni yuqori malakali tibbiyot mutaxassislarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Mana shu jihat ham doimo nazarimiz markazida. Birgina, shu yilning o‘tgan o‘n oyida salkam 800 nafardan ortiq tibbiyot xodimi turli yo‘nalishlar bo‘yicha malakasini oshirdi. Viloyatda tashkillashtirilgan sayyor o‘quvlarda 442 nafar shifokor qayta o‘qitildi. 115 nafar hamkasbimiz Respublika ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarida va Andijon davlat tibbiyot institutida malakasini boyitdi. Xorij tajribasini o‘rganishga ham katta ahamiyat berilmoqda. 25 nafar shifokor Turkiya, Ozarbayjon, Hindiston va Rossiya Federatsiyasida malaka-tajriba almashib qaytdi.
Bularning barchasi sohani yanada takomillashtirish sari qo‘yilayotgan ilk qadamlardir. Jahon tibbiyoti bilan hamqadam borayotgan Yangi O‘zbekiston sog‘liqni saqlash sohasi ildam sur’atlar bilan rivojlanmoqda.
Zamon bilan hamnafas bo‘lish uchun oldimizda ulkan vazifalar turibdi. Bugungi keng qamrovli sa’y-harakatlar ana shu maqsadga qaratilgan. Tarmoq ishini yangi bosqichga olib chiqish o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi, albatta. Ayni damdagi intilishlarimizdan maqsad tibbiyot xodimlari kasbiy mahoratini yanada oshirish, tatbiq etilayotgan yangi texnika va texnologiyalarni mukammal o‘zlashtirish, zamonaviy axborot texnologiyalarini izchil qo‘llash bilan tibbiy xizmat sifatini yaxshilash va ko‘lamini tobora kengaytirishdir.
Abdulxodi Iminov,
Namangan viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i.
O‘zA.