Tibbiyotda tub islohotlar boshlandi
Navoiy viloyati Xatirchi tumanida “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarini joriy qilish, aholi orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirishning samarali choralarini belgilash” mavzusida viloyat seminari bo‘lib o‘tdi.
Yurtimizda sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish doirasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatishning zamonaviy tizimini shakllantirish, kasalliklarni profilaktika qilish va barvaqt aniqlash, malakali tibbiy kadrlarni tayyorlash, sohaga yangi boshqaruvni joriy qilish borasida muayyan ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 12 noyabr kuni imzolagan “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni esa aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning sifati, samaradorligi va ommabopligini oshirish, tibbiyot xodimlarining jamiyatdagi o‘rni va maqomini kuchaytirish, sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.
Seminarda viloyatning barcha tuman va shaharlari tibbiyot birlashmalari rahbarlari, oilaviy poliklinikalar bosh shifokorlari, oilaviy shifokorlik punktlari vrachlari, tibbiyot muassasalari bosh hamshiralari ishtirok etdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish va tizimning yangicha modelini yaratish, shuningdek, aholining salomatligini saqlash, profilaktika, patronaj hamda sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga qaratilgan farmon va qarorlari ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Farmonga ko‘ra, Navoiy viloyatida Navoiy shahri va Xatirchi tumanida yangi tibbiy profilaktika va patronaj tizimi joriy qilinadi.
– Seminarda farmonga ko‘ra, aholi ularning salomatlik va fiziologik holatidan kelib chiqib, tegishli guruhlarga bo‘linishi, aholi guruh mansubligiga ko‘ra belgilangan muddatlarda tibbiy ko‘riklardan o‘tkazilishi va salomatligi davriy kuzatuvga olinish haqida so‘z yuritilib, tushunchalar berildi, – deydi Xatirchi tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Fazliddin Usmonov.
– Shuningdek, ishtirokchilarga mustaqil ravishda tibbiyot muassasasiga kela olmaydigan bemorlar doimiy kuzatuvga olinishi hamda uyiga borgan holda ularga tibbiy xizmat ko‘rsatilishi va individual patronaj amalga oshirilishi, profilaktik ko‘riklar o‘rniga hududning o‘ziga xos xususiyatlari va aholining guruhga mansubligidan kelib chiqib, muayyan kasalliklar bo‘yicha davriy tibbiy skrining tekshiruvlari o‘tkazilishi to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, endilikda tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari va viloyat shifoxonalariga bepul tibbiy yordam ko‘rsatilishi uchun yo‘llanma bevosita oilaviy shifokor tomonidan beriladi, oilaviy shifokorga yordam beradigan terapiya, pediatriya, akusherlik, patronaj bo‘yicha o‘rta tibbiyot xodimlaridan iborat bo‘lgan «tibbiyot brigadalari» tashkil qilinib, ular o‘zlariga biriktirilgan hududlarda oilalar va fuqarolar kesimida «tibbiy xarita»ni shakllantiradi.
Seminar ishtirokchilari tuman markaziy poliklinikasi, 28-oilaviy poliklinika hamda “Bog‘chakalon” mahallasida joylashgan oilaviy shifokorlik punktlarida bo‘lib, islohotlarning amaliyotdagi ijrosi bilan yaqindan tanishdilar.
Shuningdek, bu boradagi yangiliklarni o‘z faoliyatlariga joriy etish bo‘yicha kerakli bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishdi.
Seminar so‘ngida viloyat tibbiyot tizimida joriy yil oxiriga qadar amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tadbirlar kelishib olindi.
Abduvali BO‘RIEV, O‘zA