Tibbiyotda malaka, mahorat va tajriba muhim
Andijon davlat tibbiyot institutida “Bolalar xirurgiyasi, anesteziologiya va reanimatologiyaning dolzarb muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash, Oliy ta’lim, fan va innovatsiya vazirliklari, Andijon viloyati hokimligi, Andijon davlat tibbiyot instituti hamkorligida tashkil etilgan xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda yurtimizdagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, tibbiyot tizimida faoliyat olib borayotgan ilmiy markazlar mutaxassislari, xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan olimlar, yosh olimlar, magistr va talaba yoshlar ishtirok etdi.
Anjuman ochilishiga bag‘ishlangan tadbir va plenar yig‘ilishida so‘z olganlar tomonidan keyingi yillarda O‘zbekiston tibbiyot tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida aholi sog‘ligini muhofaza qilish, tibbiy xizmat sifati va saviyasini yuksaltirish, tibbiyot muassasalari moddiy-texnika bazasini yaxshilashda keng ko‘lamli ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, malakali mutaxassislar tayyorlash, soha xodimlarining kasbiy bilim, malaka, mahorat va tajribalarini oshirish, amaliyotga yuqori innovatsion texnologiyalarni joriy etish borasida ham ko‘plab xalqaro yangiliklar amalga oshirilayotganligi qayd etildi.
– Bolalar xirurgiyasi, anesteziologiya va reanimatologiya tibbiyotning eng muhim yo‘nalishlaridan hisoblanadi, – deydi Andijon davlat tibbiyot instituti rektori, professor Madaminjon Madazimov. – O‘ta muhim va dolzarb mavzudagi anjuman soha mutaxassislarining bilim hamda malakalarini oshirish, o‘zaro tajriba almashishlariga imkoniyat yaratib berdi. Ayniqsa, mazkur yo‘nalishda shifokorlarimizning ilmiy-amaliy salohiyatini, xorijlik mutaxassislar bilan hamkorligini mustahkamlashga xizmat qilganligi ahamiyatlidir.
Anjumanda bolalar xirurgiyasi, anesteziologiya va reanimatologiyaning dolzarb muammolari, ularni hal etish, yuqori innovatsion texnologiyalarni qo‘llash orqali kasalliklarning oldini olish, erta aniqlash va samarali davolash masalalari xususida atroflicha so‘z yuritildi.
Plenar yig‘ilish davomida mutaxassislarning mavzu doirasidagi ma’ruzalari tinglandi. Shuningdek, “Bolalarda umumiy o‘t yo‘llarining kitsoz transformatsiyalarida tashxislash va davolashga kompleks yondashuv”, “Bolalar anesteziologiyasida zamonaviy ingalyatsion anetsetiklar”, “Bolalarda qorin aortasining kompression stenozi”, “Rejali bolalar jarrohligida laparoskopik tashrixlar” kabi mavzulardagi taqdimotlar o‘tkazildi.
Shundan so‘ng, anjuman seksiyalar doirasida “Anesteziologiya va reanimatologiya, rekonstruktiv-plastik xirurgiya, yuz-jag‘ xirurgiyasi, kardioxirurgiya”, “Uroginekologiya, koloproktologiya”, “Torako-abdominal jarrohlik” mavzularida davom etdi. Mutaxassislarning 70 dan ortiq ma’ruza va taqdimotlari tinglandi.
Ma’ruza va taqdimotlarda bugungi kun tibbiyotidagi yangiliklar, yangi texnologiyalar, bolalar xirurgiyasida zamonaviy tashxislarni qo‘llash, mazkur yo‘nalishdagi xorijiy tajribalar, mutaxassislar hamkorligini mustahkamlash, tajriba almashish jarayonlarini yanada kengaytirish, amaliyotda davolashning ilg‘or usullarini qo‘llash masalalari xususida atroflicha so‘z yuritildi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlarning samaradorligini oshirish, yanada yuqori bosqichga ko‘tarish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
Xalqaro anjumanda mamlakatimiz olimlari bilan bir qatorda Rossiya, AQSH, Ozarbayjon, Janubiy Koreya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Belarus va Tojikiston davlatlaridan ham olimlar, mutaxassislar ishtirok etib, bolalar xirurgiyasi, anesteziologiya hamda reanimatologiya yo‘nalishlaridagi tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
[gallery-19926]
Anjumanning ikkinchi kunida Andijon viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazida mahorat darslari o‘tkazildi, shuningdek, “Bolalarning qorin bo‘shlig‘ida hosilalarni kam invaziv tashrixlari” mavzusida amaliy jarayonlar tashkil etildi.
Har jihatdan samarali va foydali o‘tgan mazkur anjuman mavzu doirasidagi ishlar samaradorligini oshirishga, mutaxassislarning o‘zaro tajriba almashish, bilim va malakalarini yuksaltirishga, xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari