Tibbiyot xodimlari sharaflandi
Andijonda tibbiyot xodimlariga “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi” esdalik ko‘krak nishonlari topshirildi.
Tadbirda keyingi yillarda mamlakatimizda aholi salomatligini saqlash, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va saviyasi yuksaltirish, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, tibbiyot xodimlari mehnatini rag‘batlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilganligi ta’kidlandi. Ayniqsa, koronavirus pandemiyasi davrida shifokorlarning qahramonona faoliyati, fidoyiliklari alohida e’tirof etildi.
Viloyatda birgina joriy yilning o‘zida aholi salomatligini saqlash bo‘yicha juda katta xajmdagi ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 19-24 aprel kunlari 547 ming 234 nafar bolalarda ommaviy degelmentizatsiya tadbirlarining 1-turi o‘tkazildi.
[gallery-3752]
“Ayollar daftari”ga kiritilgan 29 ming 857 nafar ayollar, jumladan, tibbiy yordamga muhtoj bo‘lgan 3 ming 16 nafar xotin-qiz 1 iyunga qadar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Tibbiy ko‘rik o‘tkazish uchun 784 ta tibbiy brigadalar tashkil etilib, ular 12 turdagi tibbiy jihozlar bilan ta’minlandi. Tibbiy ko‘rik tadbirlariga 762 nafar shifokor, 2 ming 789 nafar hamshira jalb etildi.
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Salohiddin Yusupov esdalik nishonlarni o‘z egalariga tantanali ravishda topshirdi. Barchani Mustaqillik bayrami va mukofotlar bilan tabrikladi.
– Biz, shifokorldarning kamtarona mehnatlari e’tirof etilib, esdalik nishoni bilan taqdirlanganimizdan behad mamnunmiz, – deydi Andijon viloyati "Ona va bola skrining markazi" direktori Ra’noxon Sattarova. – Ushbu mukofot bizga ishonch, quch-quvvat va zimmamizga katta mas’uliyat yuklaydi. Xalqimiz salomatligini saqlash yo‘lida fidoyilik bilan mehnat qilishga undaydi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),
O‘zA