Tibbiyot: xitoylik mutaxassislar ishtirokida yuqori texnologik amaliyotlar o‘tkaziladi
Milliy tibbiyot markaziga Xitoyning Sian universiteti shifoxonasining yetakchi kardiojarrohlari tashrif buyuradi. Mazkur tashrif ikki davlat o‘rtasidagi tibbiy hamkorlikni mustahkamlash va sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy etish maqsadida tashkil etilmoqda.
Tashrif doirasida xorijlik mutaxassislar tomonidan mahalliy shifokorlar bilan hamkorlikda bir qator minimal invaziv kardiojarrohlik (MICS) amaliyotlari bajarilishi rejalashtirilgan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu zamonaviy usul an’anaviy usuldan farqli ravishda, ko‘krak qafasini to‘liq ochishni talab etmaydi. Jarrohlik amaliyotlari kichik kesimlar orqali amalga oshiriladi. Bu esa, o‘z navbatida, bemorlarning tezroq sog‘ayishiga, jarrohlikdan keyingi og‘riqlarning kamayishiga va shifoxonada qolish muddatining qisqarishiga imkon beradi.
Xitoyning yetakchi tibbiyot mutaxassislari va yurtimiz shifokorlari o‘rtasidagi bu kabi izchil hamkorlik o‘zaro tajriba almashish, ilg‘or texnologiyalarni amaliyotga keng joriy etish hamda mahalliy kardiojarrohlik yo‘nalishini yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbir doirasida, shuningdek, soha mutaxassislari uchun mahorat darslari va murakkab jarrohlik amaliyotlari jarayoni bo‘yicha muhokamalar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Mohigul Qosimova, O‘zA