Tibbiyot xabarlari
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizovning Hindistonga xizmat safari doirasida mamlakatning yetakchi tibbiy buyumlar ishlab chiqaruvchilari — Poly Medicure Limited (POLYMED) va Sahajanand Medical Technologies (SMT) kompaniyalari rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Muzokaralar davomida O‘zbekistonda yuqori texnologiyali tibbiy buyumlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, texnologiyalar transferi hamda tibbiy sanoat sohasida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, kompaniyalar vakillariga «BioPharma City» farmatsevtika klasteri taqdim etilib, uning zamonaviy infratuzilmasi, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar hamda qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Hindistonlik hamkorlar mazkur loyihalarda ishtirok etishga qiziqish bildirdi.
Ma’lumot uchun:Poly Medicure Limited (POLYMED) – Hindistonning yetakchi tibbiy buyumlar ishlab chiqaruvchilaridan biri bo‘lib, 6 mingdan ortiq turdagi tibbiy buyumlarni ishlab chiqaradi hamda mahsulotlarini 125 dan ortiq mamlakatga eksport qiladi.
Sahajanand Medical Technologies (SMT) – yurak-qon tomir kasalliklarini davolash uchun mo‘ljallangan yuqori texnologiyali tibbiy qurilmalar ishlab chiqaruvchi kompaniya bo‘lib, o‘z mahsulotlarini 80 dan ortiq mamlakatga yetkazib beradi.
***

Shuningdek, Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizovning Hindistonning yetakchi farmatsevtika kompaniyalaridan biri – Mankind Pharma raisi Ramesh Juneja bilan uchrashuiv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar chog‘ida tomonlar O‘zbekistonda investitsiya loyihalarini amalga oshirish, zamonaviy dori vositalari ishlab chiqarishni rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot va innovatsion ishlanmalar (R&D) sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, farmatsevtika tarmog‘ida texnologiyalar transferi va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega ishlab chiqarishlarni tashkil etish istiqbollarini muhokama qildi.
Uchrashuv davomida «BioPharma City» farmatsevtika klasteri taqdimoti o‘tkazilib, uning imkoniyatlari, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, shuningdek, investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun taqdim etilayotgan soliq va bojxona imtiyozlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
"Mankind Pharma" rahbariyati O‘zbekistonda farmatsevtika sohasini rivojlantirish uchun yaratilgan imkoniyatlarni yuqori baholab, investitsiyaviy hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini birgalikda ishlab chiqish hamda istiqbolli loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Ma’lumot uchun: Mankind Pharma 1995-yilda tashkil etilgan Hindistonning eng yirik farmatsevtika kompaniyalaridan biri bo‘lib, retsept asosida va retseptsiz beriladigan dori vositalari, shuningdek, iste’molchilar salomatligi uchun mo‘ljallangan mahsulotlarni ishlab chiqaradi. Kompaniya mahsulotlari 70 dan ortiq mamlakatga eksport qilinib, xalqaro bozorlarda muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
***

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi hamda Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi mas’ullari mahalliy dori vositalari ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan Zoom platformasi orqali onlayn muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuvda dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlari, ekspertiza bosqichlari hamda ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalari guvohnomalarining amal qilish muddatini uzaytirish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.
Xususan, “NAVBAHOR SANOAT” MCHJ tomonidan davlat ro‘yxatiga taqdim etilgan 16 turdagi, shuningdek, “ATM Sanita” MCHJ XKga tegishli 9 nomdagi dori vositalari bo‘yicha taqdim etilgan hujjatlar yuzasidan muhokamalar olib borildi.
Muloqot davomida mutaxassislar ishlab chiqaruvchilarning barcha savollariga batafsil javob berdi. Shuningdek, ekspertiza jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, hujjatlarni belgilangan talablar asosida takomillashtirish hamda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlarini samarali tashkil etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar taqdim etildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA