Tibbiyot xabarlari – qisqa satrlarda
Poytaxtimizda Toshkent pediatriya tibbiyot instituti hamda “Science and innovation” xalqaro ilmiy jurnali bilan hamkorlikda bolalar allergologlarining uchinchi xalqaro ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazilmoqda.
“Bolalarda allergik kasalliklar: fanlararo masalalar va kompleks yechimlar” mavzusiga bag‘ishlangan ushbu tadbirda mamlakatimiz mutaxassislaridan tashqari Rossiya, Turkiya, Gruziya kabi qator xorijiy davlatlardan olimlar, ekspertlar ishtirok etmoqda.
Tadbirda so‘zga chiqqan Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari E.Bositxonova hamda boshqalar tomonidan qayd etilganidek, ushbu anjuman bolalarda allergik kasalliklarni aniqlash, oldini olish, davolash bo‘yicha ilg‘or yondashuvlarni o‘rganish hamda amaliyotga tatbiq etish borasida platforma vazifasini o‘taydi.
Xalqaro anjuman ertaga ham o‘z ishini davom ettiradi. Kun tartibidan ushbu soha bo‘yicha mamlakatimiz hamda chet ellik olimlarning ma’ruzalari o‘rin olgan.
***
Milliy tibbiyot markazida rossiyalik taniqli anesteziolog-reanimatolog va ilmiy mutaxassis Subbotin Valeriy Vyacheslavovich tomonidan “Jigar transplantatsiyasi uchun gemostaz tizimi“ mavzusida seminar o‘tkazildi.
Aytish kerakki, Subbotin Valeriy Vyacheslavovich Moskva klinik ilmiy markazida (MCSC) ilmiy bo‘lim rahbari bo‘lib, u 24 yillik tajribaga ega yuqori malakali shifokor hisoblanadi. U anesteziologiya va reanimatsiya bo‘yicha ko‘plab ilmiy ishlar va patentlar muallifi hisoblanadi. Shuningdek, bemor xavfsizligi, narkoz monitoringi va sun’iy ventilyatsiya bo‘yicha yetakchi mutaxassis hamdir.
Seminar davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.
***
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori Alisher Temirov USPning Yaqin Sharq va Afrika hududi Tartibga solish masalalari va davlat siyosati bo‘yicha mintaqaviy rahbari Zakiya Al-Kurdi bilan uchrashdi.
Unda tomonlar xalqaro hamkorlik istiqbollari, farmatsevtika mahsulotlari sifatini nazorat qilish tizimini takomillashtirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalarini muhokama qildi.
Shuningdek, Zakiya Al-Kurdi Markazning zamonaviy jihozlangan laboratoriyalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi hamda laboratoriyalarda farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi va sifatini aniqlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ilmiy-texnik ishlarni yuqori baholab, mutaxassislar bilan suhbatlashdi.
Uchrashuv yakunida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi va AQSH Farmakopeyasi (USP) o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolandi. Ushbu bitim bilan Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi AQSH Farmakopeyasi (USP)ning Regulyatorlar uchun imtiyozli foydalanish (PAR) dasturiga a’zo bo‘ldi.
Bu esa USP taqdim etadigan resurslar va mahsulotlardan imtiyozli foydalanish, AQSH Farmakopeyasidan foydalanish, USP Education platformasiga ulanish hamda AQSHning huquqiy hujjatlari, jumladan Food Chemicals Codex va USP Dictionarydan foydalanish huquqini beradi.
***
Bolalar milliy tibbiyot markazi Ortopediya bo‘limi mutaxassislari idiopatik skolioz tashxisi bilan navbatdagi jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli amalga oshirdi.
Ta’kidlash joizki, bunday murakkab operatsiyalar ilgari mamlakatimizda amalga oshirilmagan bo‘lib, bu Bolalar milliy tibbiyot markazining yuqori malakali mutaxassislar jamoasi va zamonaviy texnologiyalarga tayangan holda xalqaro tajribani o‘zlashtirayotganidan dalolatdir.
Markaz bolalar sog‘lig‘ini yaxshilash yo‘lida innovatsion yondashuvlarni amaliyotga joriy qilishda davom etmoqda.
Mohigul Qosimova, O‘zA