Tibbiyot xabarlari – qisqa satrlarda
Kunlar sovishi bilan mavsumiy kasalliklar avj ola boshlaydi. Xususan, gripp bilan aksariyatimiz og‘riymiz va bu ko‘p hollarda asoratli kechadi. Kasallikning oldini olish uchun emlash ishlarining vaqtida o‘tkazilishi muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq «Mehribonlik» uylari, qariyalar va nogironlar, «Saxovat» internat uylari, jismoniy va ruhiy rivojlanishida nuqsoni bor bolalar, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida yashayotgan shaxslar va maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarini grippga qarshi emlash ishlarini olib borish rejalashtirilgan.
Qayd etish joizki, Toshkent shahrida joylashgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari uchun 92000 doza, poytaxtimizdagi ijtimoiy muassasalarda yashayotgan shaxslarni emlash uchun 4414 doza vaksina ajratildi.
***
Xabar berilganidek, poytaxtimizda “Yevropa iqtisodiyoti kunlari- 2024” forumi o‘tkazildi. Formatiga ko‘ra noyob ushbu modulli tadbir doirasida farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi va Shveysariyaning “Roche Diagnostic” kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
***
Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘onada fuqarolar “xot-dog“dan zaharlanib, shifoxonalarni to‘ldirayotgani aytilayotgan video tarqalmoqda.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi axborot xizmati bildirgan rasmiy munosabatga ko‘ra, qo‘mitaning Farg‘ona viloyati boshqarmasi O‘zbekiston tumani bo‘limiga 2024 yil 6 noyabr kuni soat 11:30 larda tuman Tibbiyot birlashmasiga qarashli Yuqumli kasalliklar bo‘limiga 4 nafar bemorning oshqozon-ichak faoliyatining funksiyasini buzilishi tashxisi bilan yotqizilgani yuzasidan xabarnoma berilgan.
Ushbu xabarnomaga asosan Canepidqo‘mita xodimlari tomonidan sanitariya-epidemiologik surishtiruv ishlari olib borilgan. Surishtiruv davomida bemorlarning 2 nafari 2024 yil 5 noyabr kuni tushlik vaqtida O‘zbekiston tumani “Yaypanbozorbosh“ MFY, Ibn Sino ko‘chasida faoliyat olib borayotgan fastfut mahsuloti tayyorlab sotish shoxobchasida “xot-dog“ iste’mol qilgani, yana 2 nafar bemor esa ushbu tumanning “Oqtepa“ MFY, “Turkiston“ ko‘chasida faoliyat olib borayotgan “OQTEPA MINI FOOD” nomli fastfut mahsuloti tayyorlab, sotish shoxobchasida “xot-dog“ iste’mol qilgani ma’lum bo‘ldi.
Bemorlar shifoxonada shifokorlar tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, “Oshqozon-ichak faoliyatining funksiyasi buzilishi” tashxisi bilan bo‘limga yotqizilgan. Bemorlarning umumiy holati qoniqarli.
Ushbu holat Sanepidqo‘mita mutaxassislari tomonidan to‘liq nazoratga olingan. O‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.
***
Respublikada faoliyat yuritayotgan farmatsevtika mahsulotlarini sertifikatlashtirish organlari tomonidan joriy yilning oktyabr oyida 4084 ta seriyadagi 74 127 184 shartli o‘ramdagi mahsulotga 1032 ta muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirildi.
43 seriyadagi 475 315 shartli o‘ramdagi farmatsevtika mahsuloti laboratoriya sinovlari natijasida normativ hujjatlar talablariga nomuvofiq deb topildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA