Tibbiyot: O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida hamkorlik yanada mustahkamlanmoqda
Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov mamlakatimizda bo‘lib turgan Xitoy Xalq siyosiy maslahat kengashining Butunxitoy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, “GX” xayriya jamg‘armasi raisi Lyan Chjenin boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligining matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirda Xitoyning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun ham ishtirok etdi.
Muloqot davomida ushbu davlat bilan strategik va do‘stona munosabatlar yildan yilga rivojlanib borayotgani, ayniqsa, sog‘liqni saqlash yo‘nalishida bir qancha loyihalar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Jumladan, “Bir makon, bir yo‘l” dasturi doirasida yurtimizda xitoylik shifokorlar ishtirokida murakkab jarrohlik amaliyotlari muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Xususan, so‘nggi 5 yilda ko‘z kasalliklari, ayniqsa, kataraktadan aziyat chekayotgan 3 ming nafardan ziyod bemorlarda jarrohlik muolajalari bajarildi.

Shuningdek, o‘tgan yili “GX” xayriya jamg‘armasi bilan hamkorlikda shu yo‘nalishdagi ikkita aksiya Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida o‘tkazildi.
Uchrashuvda bu kabi aksiyalarni Samarqand va Buxoro viloyatlarida ham o‘tkazish taklifi bildirildi.
Muloqot davomida jamg‘arma tomonidan so‘nggi avlod mobil oftolmologik jarrohlik uskunasi tuhfa etildi. Bu esa yurtimizning chekka hududlarida ham murakkab amaliyotlarni bajarish imkonini beradi.
Kelgusidagi hamkorlik tibbiy ta’lim bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, aholi o‘rtasida ko‘z kasalliklarini erta tashxislash va davolash ishlarini jadallashtirish, hasharotlar orqali yuqadigan kasalliklarga qarshi kurashish yo‘nalishlarida davom etishi aytib o‘tildi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda “GX” jamg‘armasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolashga kelishildi.
Mehmonlar Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Toshkent davlat tibbiyot universiteti faoliyati bilan ham tanishdi.
Mohigul Qosimova, O‘zA