Tibbiyot muassasalarida isitish muammolari
Qashqadaryo viloyatidagi 47 ta birlamchi tibbiyot muassasasi 155 dona “burjuyka” pechlarda isitiladi. Bu haqida Qarshi shahridagi Jurnalistlar uyida “Oilaviy poliklinikalar va oilaviy shifokor punktlarida aholi salomatligini saqlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar va yechimini kutayotgan muammolar” mavzusida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Unda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Bobur Teshayev jurnalist va blogerlarga mavzuga doir ma’lumotlarni taqdim etdi va ularni qiziqtirgan savollarga javob berdi. Birlamchi tibbiyot muassasalari sirasiga hududlardagi ko‘p tarmoqli markaziy va oilaviy poliklinikalar, oilaviy shifokor punktlari, mahalla tibbiyot punktlari kiradi. Viloyatdagi 199 ta ambulator-poliklinika muassasasida (16 ta ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, 83 ta oilaviy poliklinika, 100 ta oilaviy shifokorlik punkti) 2 ming 508 nafar shifokor va 12 ming 714 nafar o‘rta tibbiyot xodimi aholiga birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatadi.
Voha aholisiga 1 ming 689 ta tibbiy brigada 1 ming 100 nafar oilaviy shifokor, 3 ming 865 nafar oilaviy hamshira, 1 ming 689 nafar amaliyot hamshirasi va 4 ming 40 nafar doya xizmat ko‘rsatmoqda.
[gallery-9361]
Matbuot anjumanida viloyatdagi birlamchi bo‘g‘inda erishilayotgan natijalar bilan bir qatorda tizimda uchrayotgan ayrim muammo va ularning yechimi bo‘yicha ham ma’lumot berildi. Xususan, viloyatdagi G‘uzor, Dehqonobod, Koson, Kasbi, Kitob, Mirishkor, Muborak, Nishon, Ko‘kdala, Chiroqchi, Qamashi, Shahrisabz va Yakkabog‘ tumanlaridagi 47 ta oilaviy poliklinika va oilaviy shifokor punktlari jami 155 dona “burjuyka” pech asosida isitiladi. Ularni zamonaviy tejamkor isitish qozonlariga almashtirish uchun mahalliy byudjetdan 6,3 milliard so‘m mablag‘ ajratish ko‘zda tutilmoqda.
Olis va uzoq hududlarda joylashgan 24 ta tibbiyot muassasasida quyosh panellari va quyosh suv isitkichlarini o‘rnatish uchun mahalliy byudjetdan
1,6 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirish rejalashtirilgan. Viloyatda 952 nafar shifokor o‘rni vakant. Ayniqsa, birlamchi tizimda bu muammo juda dolzarb ahamiyat kasb etadi. Shifokorlar malaka oshirish va amaliyot uchun boshqa hududlarga yuborilmoqda.
Ushbu muammoning yechimi sifatida “DR BOBOEV HEALH CENTER” MCHJ va Neo Institute of Medical Sciences and Technology (Hindiston), Istanbul Sog‘lik bilimlari universiteti (Turkiya)ning ta’sischiligida Qarshi shahrida nodavlat xalqaro tibbiyot universitetini tashkil etish bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgan.
Shuningdek, tibbiyot yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarining 6-kurs bitiruvchi talabalari hisobidan kadrlar yetishmovchiligi qisman bartaraf etilmoqda. Jumladan, vohaga 168 nafar 6-kurs bitiruvchi talabalari kelishi kutilmoqda.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.