Tez tibbiy yordam sifati yanada oshadi
Angor tumanida Respublika tez tibbiy yordam markazi Surxondaryo viloyati filiali Angor tumani tez tibbiy yordam stansiyasining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda inson qadri ulug‘lanayotgan mamlakatimizda aholi salomatligini saqlash, hududlarda birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirish, aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha so‘z yuritildi. Tibbiyot xodimlarining sifatli, tezkor xizmatlar ko‘rsatishi uchun yaratilayotgan sharoitlarga e’tibor qaratildi.


Yangi binoni qurib, ishga tushirish uchun "Tashabbusli byudjet" loyihasi orqali ovoz to‘planib, 1 milliard 340 million so‘m mablag‘ qo‘lga kiritilgan edi. Mazkur mablag‘ni maqsadli sarflash evaziga bino tez va sifatli bunyod etilib, jihozlandi. Chaqiruv brigadalari malakali tibbiyot xodimlari bilan ta’minlangan muassasada aholiga tezkor, samarali tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun barcha sharoit yaratildi.



Tadbir yakunida zamonaviy binoda ish boshlagan tez tibbiy yordam stansiyasiga “Volkswagen Caddy” rusumli yangi tez tibbiy yordam mashinasi topshirildi.

Marosimda Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov ishtirok etdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri