Test sinovlari belgilangan tartibda o‘tdi
Andijon viloyatida professional ta’lim muassasalarining kunduzgi bo‘limlariga o‘qishga kirish uchun test sinovlari yakuniga yetdi.
Test sinovlari barcha qulayliklarga ega bo‘lgan 3 ming 90 o‘ringa mo‘ljallangan to‘qqizta ta’lim muassasasidagi binolarda tashkil etildi.
Davlat test markazi Andijon viloyati bo‘limi mas’ullarining ma’lum qilishicha, o‘tkazilgan test sinovlarida viloyat bo‘yicha jami test topshirishi belgilangan 17 ming 361 nafar abituriyentdan 12 ming 446 nafari yoki 72 foizi ishtirok etdi. Noma’lum sabablarga ko‘ra, 4 ming 915 nafar nomzod test sinovlariga kelmadi. Bundan tashqari, 4 nafar abituriyent belgilangan tartib-qoidalarni buzganligi uchun test sinovlaridan chetlashtirildi.
Test sinovi bilan bog‘liq barcha jarayonlar belgilangan tartiblar asosida bo‘lib o‘tdi. Noqonuniy holatlar yuzasidan murojaatlar qayd etilmadi.
Test sinovi davomida xavfsizlikni ta’minlash, shuningdek, abituriyentlar salomatligini nazorat qilish uchun milliy gvardiya, ichki ishlar hamda tibbiyot xodimlari jalb etildi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),O‘zA